O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 28 fevral kuni To`raqo`rg`on issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Farg`ona vodiysida yillar davomida elektr energetikasi bo`yicha muammolar bor edi. Shu bois To`raqo`rg`on tumanida zamonaviy texnologiyalar asosida issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlangan edi. Quvvati 900 MVt bo`lgan ushbu stansiyaning ishga tushirilishi aholi va sanoat korxonalarini elektr energiyasiga bo`lgan talabini to`liq qoplashga xizmat qiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 195 million AQSh dollaridan ziyod bo`lib, u Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O`zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi va “O`zbekenergo” AJ mablag`lari asosida moliyalashtirilgan. Stansiya Yaponiyaning “Mitsubihi Corporation” va “Mitsubishi Hitachi Power Systems” konsorsumi tomonidan barpo etilmoqda.
Bugungi kungacha elektr energiyasini ishlab chiqaradigan asosiy agregatlardan birinchi va ikkinchi blok transformatorlari, bug`-gaz trubinasi va boshqa texnologiyalar montaj qilingan. Tashqi kommunikasiya ishlari yakunlangan, ichimlik suv tarmog`i tortilgan. Ob`ekt “So`x-Namangan” magistral gaz tarmog`i orqali yonilg`i, Katta Namangan kanali orqali texnik suv bilan ta`minlanadi.
Stansiyaning birinchi bug`-gaz qurilmasi joriy yilning sentyabr oyida, ikkinchisi dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida Farg`ona vodiysi iste`molchilari uchun 900 MVt qo`shimcha quvvat yoki yiliga 6,7 milliard kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi. 300 kishi ish bilan ta`minlanadi.
Eng muhimi, bu erda ishlab chiqarilgan elektr energiya tannarxi boshqa issiqlik elektr stansiyalarnikidan arzonligi bilan ajralib turadi.
Davlatimiz rahbariga issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilgan ishlar, ob`ektning texnik-iqtisodiy ko`rsatkichlari haqida ma`lumot berildi.
Prezidentimiz bu loyiha muhim strategik ahamiyatga ega ekanini, stansiya vodiy viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish va aholini ishonchli elektr energiya bilan ta`minlash imkonini berishini ta`kidladi.
Issiqlik elektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirish va foydalanish, buning uchun sohaga ixtisoslashgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo`yicha ko`rsatmalar berdi.








