O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n sakkizinchi yalpi majlisida ma`ruza qilgan Senat raisi N.Yo`ldoshev maktab ta`limi tizimidagi kamchiliklarga to`xtalib o`tdi, deb yozmoqda O`zA.
Tahlillar maktablarning moddiy-texnik bazasi, soha xodimlari uchun shart-sharoitlar kundan-kunga yaxshilanib borayotgan bir sharoitda ta`lim sifati va natijadorlik kutilganidek emasligini ko`rsatgan.
“Buning asosiy sabablaridan biri – maktab darsliklarini ta`lim standartlari va dasturlar asosida tayyorlash, chop etish va tarqatishda yo`l qo`yilayotgan jiddiy kamchiliklar, xatolar va boshqa mavhumliklarda, deb bilamiz”, deb qayd etdi N.Yo`ldoshev.
So`nggi uch yilda Davlat byudjeti va maqsadli kitob jamg`armasining qariyb 307 milliard so`m mablag`i evaziga 98 million nusxadan ortiq darsliklar chop etilgan.
Ammo ularni yaratishga oid mukammal huquqiy asoslar shu paytga qadar to`liq shakllanmagan. Oqibatda ilk bosqichdayoq darsliklar o`quv dasturlariga muvofiq tayyorlanmagan.
Ma`ruzachi ta`kidlaganidek, “Vafot etgan mualliflarning darsliklarini qayta nashr qilish tartibi ham aniq belgilanmagan. Oqibatda darsliklar qator o`zgartirishlar bilan marhumlar nomidan chop etilmoqda”.
Masalan, 7-sinf “O`zbekiston tarixi” darsligining muallifi A.Muhammadjonov 2016 yilda vafot etgan. Biroq, uning darsligidagi barcha mavzular qayta ishlangan, 6 mavzu yangidan yozilgan va darslik 2017 yilda marhum muallif nomidan qayta nashr etilgan.
Darsliklarning tender savdolari orqali g`olib bo`lgan turli nashriyotlarda nashr etilishi o`quv materialining uzviyligi, uyg`unligi va izchilligini, shuningdek, predmetlar aro aloqaning bog`liqligini ta`minlashga to`siq bo`lmoqda.
Darsliklarda bir-birini rad etadigan xulosalar, mavhumliklar va nomuvofiqliklar ko`payib ketganligi o`qituvchi va o`quvchilarni chalg`itmoqda.
Aksariyat hollarda, darsliklar nazariyotchi olimlar tomonidan amaliyotdan yiroq holda yaratilmoqda. Ushbu jarayonga tajribali maktab o`qituvchilari etarli darajada jalb etilmayapti.
Bu kabi jiddiy xato va kamchiliklarni bartaraf etish ta`lim sifatini oshirishda muhim o`rin tutadi.






