Bugun, 28 fevral kuni Oliy Majlis Senatining o`n sakkizinchi yalpi majlisi o`z ishini boshlaydi.
Majlisda 23 ta masala ko`rib chiqiladi.
Ko`rib chiqiladigan masalalar ichida “O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to`g`risida”, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to`g`risida”, “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma`muriy nazorat to`g`risida”gi qonunlar bor. Shuningdek, ayrim qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilishi hamda ayrim xalqaro hujjatlarni ratifikasiya qilishga oid qonunlar ko`rib chiqiladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisoboti, O`zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018 yilda huquqiy targ`ibot va ma`rifatning holati haqidagi axboroti, Qashqadaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti to`g`risidagi masalalar muhokama etiladi.
O`zbekiston RespublikasiBoshvaziriga fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish bilan bog`liq qonun hujjatlari ijrosi holati hamda ushbu sohadagi huquqni qo`llash amaliyoti yuzasidan parlament so`rovi yuborish, shuningdek Bosh vazir o`rinbosarlariga jismoniy shaxslar ko`chmas mulk ob`ektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish, ularni soliqqa tortishga doir qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohada huquqni qo`llash amaliyoti hamda umumta`lim maktablari darsliklarining davlat ta`lim standartlari talablariga muvofiqligi yuzasidan parlament so`rovlari yuborilishi kutilmoqda.






