Jamiyatimizda ayolning o`rni, uning salomatligi, oilasining xotirjamligini ta`minlashda, ayollarimiz o`rtasidagi turli muammolarni bartaraf etishda Xotin qizlar qo`mitalarining o`rni katta albatta.
Shu o`rinda Xotin-qizlar qo`mitasining joylardagi boshlang`ich tashkilotlari tomonidan ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni e`tirof etmasdan ilojimiz yo`q. Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Xotin-qizlar boshlang`ich tashkiloti tashabbusi bilan xodima va erkin yollangan ishchilar o`rtasida doimiy suhbatlar, turli ziyorat tadbirlari va sport kunlari tashkil etilganki, bularning bari ayollarning sog`ligi hamda ruhiy barqarorligini ta`minlash yo`lida xizmat qilmoqda.
Boshqarmada kuni kecha tashkil etilgan tadbir ham aynan shu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo`ldi. Tadbirga mehmon sifatida Buxoro shahar Xotin-qizlar kengashini mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig`ini faollari, oila-ilmiy amaliy markazi mutaxassislari bilan bir qatorda shifokorlar ham tashrif buyurishib, ayollarni qiziqtirgan mavzularda ma`ruzalar qilishdi.
Bo`lib o`tgan tadbirda ayollar salomatligi bilan bir qatorda farzand tarbiyasida onaning o`rni va oila mustahkamligini ta`minlashda ayolning mas`uliyati borasida ma`lumotlar taqdim etildi.
Eng muhimi, tadbir samimiy ruhda tashkil etilib, do`stona suhbat asosida xotin-qizlarimizning muammolari o`rganildi va ularni bartaraf etish yuzasidan bir qancha takliflar bildirildi.





