20 nafarga yaqin o`smir ikki kun davomida O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bo`lib, kursantlardek yashadi.
Mirzo Ulug`bek tumanidagi «International House – Tashkent» akademik liseyi hamda tarbiyasi og`ir yoshlardan iborat jami 20 nafarga yaqin o`smir ikki kun davomida O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bo`lib, kursantlardek yashab ko`rdi. Ularga o`zlarini bo`lajak harbiy xizmatchidek his qilishlari uchun imkoniyat yaratib berildi.
Yoshlarda ona Vatanga sadoqat, mardlik, jasurlik, vatanparvarlik kabi olijanob tuyg`ularni shakllantirish, ularda sarhadlarimiz dahlsizligini ta`minlashga bo`lgan qiziqish va intilishini kuchaytirishga qaratilgan ushbu tadbir yoshlar uchun ajoyib aksiyaga aylandi.

Akademiyaga tashrif buyurgan yigitlar dastlab kursantlar yotoqxonasida o`zlari uchun alohida ajratilgan xonalarga kirib, egniga harbiy libosni kiydilar.
Qurolli Kuchlar akademiyasi ofiserlari o`quvchilarga milliy armiyamiz quch-qudrati, harbiy xizmatchilar tayyorgarligi, akademiya tarixi va buguni haqida qiziqarli ma`lumotlarni etkazishdi, ularga akalik nasihatlarini berishdi.

Kun tartibi bo`yicha harakat qilgan “yangi kursantlar” tushlikdan so`ng sport mashg`ulotlariga jalb etildi. Ular kursant akalari bilan turli sport musobaqalarida o`zaro kuch sinashdilar.
Jismoniy mashg`ulotlardan o`quvchilar yotoqxona, oshxona, kutubxona, umuman, ushbu dargohda ta`lim olayotgan bo`lajak ofiserlar hayoti bilan yaqindan tanishdi.
Ikkinchi kuni esa o`quvchilar Akademiya dala-o`quv maydonidagi amaliy mashg`ulotlarni kuzatish uchun yo`l oldi. U erda harbiy texnika boshqaruvi va jangovar qurollarni qo`llash bo`yicha mashqlarni kuzatishdi.

Ikki kun qanday o`tganini bilmay qoldik. Kursantlar hayoti bizga juda yoqdi. Ta`lim olish, muntazam sport bilan shug`ullanish, haqiqiy Vatan himoyachisi bo`lib etishish uchun bu erda barcha sharoit muhayyo ekan. Haqiqiy quroldan o`q uzish va belgilangan nishonlarni yo`q qilish jarayonini katta qiziqish bilan kuzatdik, dedi «International House – Tashkent» akademik liseyi o`quvchisi Sardorxo`ja Akramov.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, ikki kunlik «kursantcha hayot» davomida o`quvchilar o`rtasida turli nominasiyalar bo`yicha o`tkazilgan musobaqa g`oliblariga diplom, kubok, esdalik sovg`alari va kitoblar ulashildi.






