Mamlakatimizda ilk bora o`tkazilayotgan mazkur forum O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi, Tashqi ishlar vazirligi, Buxoro viloyati hokimiyati, Ta`lim, fan va madaniyat masalalari bo`yicha Islom tashkiloti (ISESCO) hamda Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) ko`magida tashkil etildi.
Qalblarni titratuvchi muqaddas Qur`on oyatlari o`qilgan tadbirda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 120 dan ziyod vakillar ishtirok etmoqda.

Uning ochilishida O`zbekiston Bosh vazir o`rinbosari A.Abduhakimov, Buxoro viloyati hokimi O`.Barnoev, O`zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, Muftiy U.Alimovlar O`zbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini dunyoga keng targ`ib etish, shuningdek, O`zbekistonni islom dunyosida ziyorat-turizmi bo`yicha yirik markazlardan biriga aylantirish bugungi forumning asosiy maqsadi ekanini alohida qayd etishdi.
Shuningdek, forumda Misr ijtimoiy birdamlik oilalar va nogironlar Vakillari palatasi qo`mitasi raisi, ARE so`filar ordenlari Yuqori kengash raisi Abdulxadi al-Kasabi, Deli shahridagi bosh masjid imomi Said Buxari, Rossiya muftiylar kengashi raisining birinchi o`rinbosari, Rossiya Federasiyasi musulmonlari diniy boshqarmasining raisi Abbyasov Rushan kabi din ulamolarining nutqlari kutilmoqda.

– Ziyorat turizmiga bag`ishlangan forumning aynan Buxoroi sharifda o`tkazilishi, bu zamindan dunyo tamadduniga benihoya katta hissa qo`shgan olimu ulamolar etishib chiqqanni dunyo miqyosidagi e`tirofi degan fikrdanman, – deydi qozog`istonlik Beybit Mirzageldiev. – Axir dunyoga mashhur Bahouddin Naqshband, Abdulxoliq G`ijduvoniy kabi tasavvuf ilmining ulug`lari ta`limoti butun dunyo boyligi hisoblanadi. Kecha o`zim ham Abu Hafsi Kabir qadamjosini ziyorat qilish baxtiga muyassar bo`lganimdan mamnunman. Kelgusida aziz avliyolar yurti sanalgan mazkur go`shaga oilam a`zolari, tug`ishganlarim, do`st-birodarlarimni olib kelish niyatidaman.

Bugungi forum doirasida O`zbekistonning Indoneziyadagi turizm brendi elchisi Eko Shri Margiantiga elchilik sertifikati topshirilishi, “Etti pir” haqida sahnalashtirilgan teatr namoyish etilishi kutilmoqda. Shuningdek, forum yakunida Turizm qo`mitasi qoshidagi “Milliy PR-markaz” hamda “Global Muslim Traveler Index” doirasida “MATTA” (Malaziya), “Crescent Rating” (Singapur) assosiasiyalari, Jakarta targ`ibot fondi (Indoneziya) o`rtasida hamkorlik Memorandumi imzolanadi.
O`zA xabariga ko`ra, Buxoro yoshlar markazida o`tkazilayotgan forumda viloyatning hunarmandlari turli yo`nalishlarda master-klass o`tkazishmoqda. Ayniqsa, xattotlik, kulolchilik, yog`och o`ymakorligi, misgarlik kabi sohalardagi mahorat darslari xorijiy mehmonlar e`tiborini tortmoqda.






