Toshkent shahrida onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo`llash bo`yicha tajriba loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qildi.
Qarorga muvofiq, Toshkent shahrida onlayn nazorat-kassa mashinalari (NKM) tajriba loyihasi ishga tushiriladi.
Mazkur loyiha doirasida mahsulotlarni sotilgan vaqti va joyini ko`rsatgan holda ma`lumotlarni soliq organlariga onlayn uzatishni ta`minlovchi nazorat-kassa mashinalari orqali tushumlarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini qo`llash rejalashtirilmoqda.
Mazkur tarjribada savdo va xizmat ko`rsatish bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlar fiskal modulni (ulangan qurilmaning hisoblash quvvatini ishlatmagan holda fiskal ma`lumotlarni kriptografik himoyasini ta`minlovchi qurilma) ro`yxatdan o`tkazganidan so`ng ixtiyoriy ishtirok etishi mumkin.
Fiskal modul zarur dasturiy ta`minot va texnik resurslar bilan beg`araz beriladi hamda tadbirkorlarning shaxsiy ma`lumotlari himoyalanadi.
Fiskal modulni ro`yxatdan o`tkazish uchun tadbirkorlar davlat soliq organlariga shaxsiy kabinetlari orqali murojaat etadi.
Soliq organlari bir ish kunida fiskal modulni ro`yxatdan o`tganligi haqida xabarnomani yuboradi.
Tadbirkor besh ish kunida fiskal modulni bepul olib ketadi.






