Toshkent viloyati Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi belgilangan jarimani o`z vaqtida to`lamagan haydovchilarga ochiq murojaat bilan chiqdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Murojaatda qayd etilishicha, viloyat hududidagi avtomobil yo`llarida maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari onlayn rejimda muntazam ravishda ishlab turibdi.
Joriy yilning 20 fevral holatiga ko`ra, belgilangan tezlikka rioya etmagan haydovchilar soni 3985 nafarga etgan.
Ular orasida belgilangan jarimani o`z vaqtida to`lamayotgan avtotransport egalari ham bor. Angren shahridagi 47, Bekobod tumanidagi 8, Bekobod shahridagi 4, Bo`ka tumanidagi 14, Bo`stonliq tumanidagi 32, Zangiota tumanidagi 149, Qibray tumanidagi 46, Quyi Chirchiq tumanidagi 29, Oqqo`rg`on tumanidagi 28, Olmaliq shahridagi 26, Ohangaron tumani va shahridagi 54, Parkent tumanidagi 88, Piskent tumanidagi 15, Toshkent tumanidagi 15, O`rta Chirchiq tumanidagi 47, Chinoz shahridagi 80, Chirchiq shahridagi 44, Yuqori Chirchiq tumanidagi 63, Yangiyo`l tumani va shahridagi 166 nafar haydovchi shular jumlasidan.
Shu kunlarda jarimani to`lamay kelayotgan haydovchilar ta`qib ostiga olingan. Belgilangan 60 kunlik muddat o`tib, jarimani to`lamasdan yurgan haydovchilar boshqaruvidagi avtomobillar davlat raqam belgilari hozirda ishlab turgan Auto Con maxsus moslamasi xotirasiga kiritildi, bundan tashqari, ro`yxat asosida uyma-uy yurilib, maxsus tadbir o`tkazilmoqda.






