AsosiySiyosat

Prezident neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

'Prezident neft-gaz va kimyo sanoatini rivojlantirish bo`yicha yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 21 fevral kuni neft-gaz hamda kimyo sanoatida olib borilayotgan islohotlar natijadorligini tahlil qilish, ushbu tarmoqlarni tizimli rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimizda yoqilg`i-energetika sohalarini uyg`un rivojlantirish va energiya manbalarini diversifikasiya qilish bo`yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu iqtisodiyot tarmoqlari va aholining energiya resurslariga tobora o`sib borayotgan ehtiyojini qondirishda muhim omil bo`lmoqda.

Joriy yilgi Investisiya dasturiga mazkur soha bo`yicha umumiy qiymati 27,8 milliard dollarlik 26 ta loyiha kiritilgan. Prezidentimiz ushbu loyihalar bilan har kuni shug`ullanib, ularning o`z muddatida va sifatli amalga oshirilishini ta`minlash zarurligini ta`kidladi.

Energetika va Moliya vazirliklariga «Sho`rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg`i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish» loyihasi bo`yicha 2,3 milliard dollarlik xorijiy kreditlarning moliyalashtirish shartlarini belgilash, «Sho`rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish» loyihasi bo`yicha «Gazprombank»ning 300 million dollarlik krediti jalb qilish vazifasi yuklatildi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho`rtanneftgaz va Gazlineftgaz korxonalarida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish, neft va gaz qazib chiqarish, geologik qidiruv uskunalarini sotib olish kabi loyihalarga talab etiladigan mablag`larni mamlakatimizning evroobligasiyalari hisobidan moliyalashtirish lozimligi ta`kidlandi.

Geologik qidiruv ishlari murakkab bo`lgan hududlarga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb qilish ishlari talab darajasida emasligi ko`rsatib o`tildi.

Yig`ilishda tizimda to`planib qolgan debitor qarzdorlikni kamaytirish masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.

Tarmoqning eksport salohiyati tahlil qilinar ekan, bu borada faqat gazga bog`lanib qolmasdan, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash asosida eksport hajmini oshirish zarurligi ta`kidlandi.

«O`zbekneftgaz» va «O`zkimyosanoat» rahbariyatiga tabiiy gazdan yuqori qo`shilgan qiymatli polimer, polistirol, PET, sintetik kauchuklarni ishlab chiqarish konsepsiyasini tayyorlab, joriy yil may oyida Toshkentda bo`lib o`tadigan neft-gaz xalqaro konferensiyasida chet ellik investorlarga taqdimot qilish vazifasi yuklatildi.

Yig`ilishda «O`zbekneftegaz» jamiyati tizimini takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish, tariflarni bozor tamoyillari asosida qayta ko`rib chiqish, neft bazalar va hududiy gaz ta`minoti xizmatlarini bosqichma-bosqich davlat-xususiy sheriklik asosida, jumladan, Farg`ona neftni qayta ishlash zavodini investorlarning ishonchli boshqaruviga berish bo`yicha aniq choralar ham nazarda tutilishi kerakligi aytildi.

Yig`ilishda neft-gaz sohasi bilan uzviy bog`liq bo`lgan kimyo tarmog`idagi ishlar ham tahlil qilindi.

Kimyo sanoatini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikasiya qilish maqsadida umumiy qiymati 8 milliard dollarlik 33 ta loyiha belgilangan bo`lib, bu yil 4 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Prezident kimyo sanoati yuqori rentabelli tarmoq ekanini ta`kidlab, 2019-2025 yillarga belgilangan istiqbolli loyihalarga to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarni jalb qilish bo`yicha topshiriqlar berdi.

Jumladan, Qo`qon superfosfat zavodi, Qo`ng`irot soda zavodi bo`yicha xorijiy hamkorlar bilan kelishuvlarga erishish, Yangier shahrida ammiak va karbamid zavodini barpo etish bo`yicha investorlarni aniqlash vazifasi qo`yildi. Kimyo sanoati korxonalarini modernizasiya qilishni tezlashtirish, mahsulotlar sifatini oshirish maqsadida sohani xususiy mulkchilik asosida rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

– «O`zkimyosanoat» rahbariyati bugungi dolzarb masalalardan kelib chiqib, faqat mineral o`g`itlar bilan shug`ullanmasdan, sohani ko`p tarmoqli tizimga aylantirish yo`lida izlanishi kerak. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, ularning turlarini ko`paytirish bo`yicha istiqbolli yo`nalishlarni belgilashi zarur, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddilar axborot berdi.

    Boshqa yangiliklar