AsosiyJamiyat

Andijonlik o`quvchi qiz kungaboqarning yangi navini yaratdi

'Andijonlik o`quvchi qiz kungaboqarning yangi navini yaratdi'ning rasmi

Andijon viloyati Izboskan tumanidagi Manguberdi mahallasida yashovchi Madina Habibullaeva kungaboqarning yangi navini yaratdi, deb xabar beradi O`zA.

U hozir tumandagi 34-umumta`lim maktabining 10-sinfida a`lo baholarga o`qish bilan birga, darsdan bo`sh vaqtida moyli ekinlar seleksiyasi borasida ilmiy-tadqiqot ishlari olib bormoqda.

Madinabonu ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, ijodkorligi bilan mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli tanlov hamda ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib, qator yutuqlarni qo`lga kiritdi.

Ustozlari, mutaxassislar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar samarasida kungaboqarning “Madina 17”, “Madina” navlari yaratildi. Ushbu navlarga O`zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan tegishli tartibda patent olingan. O`tgan yili kungaboqarning ushbu navlari yurtimizning turli viloyatlarida ekilib, yuqori hosil olindi.

Qishloq xo`jaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatova bilan hamkorlikda soyaning yangi navlarini yaratish ustida ham izlanishlar olib bordi. Natijada soyaning ertapishar “Raduga”, kechpishar “Madina” navlari yaratildi. Yurtimizda asosiy va takroriy ekin sifatida ekishga mo`ljallangan ushbu navlar 2018 yilda Davlat reestriga kiritildi.

– Madina tirishqoq, izlanuvchan qiz, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filialining “Olima” uyushmasi raisi, qishloq xo`jaligi fanlari doktori Mahfuza Yusupova. – Darsdan bo`shadi deguncha tajriba-tadqiqot dalasiga oshiqadi. Bilim va tajribasini oshirish uchun o`qib-o`rganishdan charchamaydi. Qizimizning kelajagi porloq, ilm-fan rivoji yo`lida hali ko`p ishlar qiladi, deb ishonamiz.

Madinaning ilmiy-tadqiqot ishlari “O`zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovasion loyihasi” tanlovi viloyat bosqichida yuqori baholanib, g`oliblar qatoridan joy oldi. U o`z ishlari bilan mazkur tanlovning mamlakat bosqichida ham ishtirok etmoqda.

Toshkent davlat agrar universiteti professori, seleksioner olima Go`zal Xolmurodova rahbarligida Asaka tumanidagi “Asaka oil plant seeds” urug`chilik fermer xo`jaligi tajriba dalasida soyaning oddiy va murakkab duragaylarini yaratish bo`yicha olib borilayotgan ilmiy- tadqiqot ishlarida ham ishtirok etmoqda. Hozirda olingan duragay urug`larning doni yirikligi, moy va proteinga boyligi ko`rsatkichlari bo`yicha tadqiqot olib bormoqda.

Yosh iste`dod sohibasi nafaqat nav seleksiyasi va moyli ekinlar urug`chiligini rivojlantirish borasida, balki ilg`or tashabbus va ijodkorligi bilan ham tengdoshlariga namuna. Uning tashabbusi bilan o`zi tahsil olayotgan maktabda “Usta Habibulloh ota” o`quvchi-yoshlarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etilgan. Jamg`armaning ijrochi direktori o`zi. Jamg`arma tomonidan 1-sinfdan 10-sinfgacha fanlarni eng yaxshi o`zlashtirgan bir nafardan o`quvchiga har oyda stipendiya berilishi yo`lga qo`yilgan.

Bundan tashqari, Madina she`rlar mashq qiladi, maqolalar yozib turadi. Ijod namunalari qator matbuot nashrlarida e`lon qilingan. Hozirga qadar uning “Vaqt qadri”, “Iqror” nomli to`plamlari nashr etilgan.

– Men ozod va obod yurtning baxtiyor yoshlaridan biriman, – deydi Madina Habibullaeva. – Chunki men va men kabi yoshlarga puxta bilim olishimiz, iste`dod va salohiyatimizni yuzaga chiqarish uchun barcha sharoit yaratilgan. Kelajakda mehnatim, ilm-fan yo`lidagi izlanishlarim bilan Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qiladigan inson bo`lishga va`da beraman.

Madinaning orzulari albatta ijobat bo`ladi. Chunki unda g`ayrat-shijoat, intilish bor, qalbida Vatanga muhabbat, ertangi kunga ishonch mustahkam. Eng muhimi, bunday yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlab, iste`dod va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib berayotgan O`zbekiston bor.

    Boshqa yangiliklar