Vazirlar Mahkamasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tarjimonlar byurosi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlarini qabul qildi (VMning 18.02.2019 yildagi 140-son qaroriga qarang).
Byuro davlat muassasasi hisoblanadi, uning direktori Prezident Administrasiyasi bilan kelishilgan holda tashqi ishlar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Quyidagilar Byuroning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib belgilandi:
- Prezident va Bosh vazir, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy mansabdor shaxslari ishtirokidagi rasmiy tadbirlarni sinxron va izchil tarjima bilan ta`minlash;
- rasmiy tadbirlar doirasida tayyorlangan materiallarning yozma tarjimasini amalga oshirish, shuningdek O`zbekiston tomonidan tuziladigan xalqaro shartnomalar loyihalarining davlat va xorijiy tillardagi matnlarining autentligini ta`minlashga ko`maklashish;
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU), O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O`zDJTU) va boshqa ixtisoslashtirilgan oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilari orasidan yuqori malakali tarjimonlar tayyorlash;
- TIV xodimlarining, shuningdek shartnoma asosida davlat organlari xalqaro hamkorlik masalalari bo`yicha bo`linmalari xodimlarining xorijiy tillarni bilish bo`yicha ko`nikmalari rivojlantirilishini ta`minlash;
- davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarga shartnoma asosida og`zaki va yozma tarjima bo`yicha xizmatlar ko`rsatish.
Shuningdek bu erda og`zaki va yozma tarjima bo`yicha pulli xizmatlar ko`rsatiladi.
Norma xabariga ko`ra, byuro kadrlar tayyorlash masalalari bo`yicha JIDU va O`zDJTU bilan hamkorlik qiladi.
Byuro manzili: Toshkent sh., Mustaqillik shohko`chasi, 54-uy.
Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 18.02.2019 yildan kuchga kirdi.






