Tojikiston – O`zbekiston chegarasida tez orada Tojikistonning G`issor tumanini Surxondaryo viloyati Uzun tumani Bobotog` qishlog`i bilan bog`lovchi yangi nazorat o`tish punkti(NO`P) faoliyat ko`rsata boshlaydi, deb yozmoqda O`zA.
Tojikiston parlamentining quyi palatasi 20 fevral kuni hukumatlararo Shartnomaga o`zgartish kiritish to`g`risidagi protokolni tasdiqladi, unga ko`ra yangi NO`P faoliyat yurita boshlaydi.
Tojikiston MXDQ raisining o`rinbosari va Tojikiston Chegara qo`shinlari qo`mondoni, general-polkovnik Rajabali Rahmonali yangi NO`P ochilishi borasidagi protokolni parlament deputatlariga taqdim qilarkan, G`issor-Bobotog` o`tish punkti mahalliy aholiga borish-kelishni engillashtirish va chegara oldi savdosi rivojiga hissa qo`shish bilan bir qatorda Tojikiston –O`zbekiston chegarasidagi boshqa NO`Plardagi navbat kutishlarni qisqartirishini ta`kidladi.
Rajabali Rahmonali parlament deputatlari tomonidan protokol tasdiqlanganidan keyin yangi NO`P xalqaro maqomga ega bo`lmasligini, undan faqat Tojikiston va O`zbekiston fuqarolari, ularga tegishli transport vositalarigina o`tishini aytdi. Xorijlik fuqarolar chegaradagi 9ta xalqaro o`tish punktlaridan foydalanishlari mumkin, deya ta`kidladi chegara xizmati qo`mondoni.
Eslatib o`tamiz, Tojikiston-O`zbekiston chegarasida yangi nazorat-o`tish punktlarini ochish masalasi o`tgan yilning 17-18 avgust kunlari Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning O`zbekistonga davlat tashrifi chog`ida muhokama qilingan edi. Rahmonning O`zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlanishi bilanoq ikki mamlakat chegara muassasalari yangi NO`Plar ochilishi bilan bog`liq masalani o`rganishga kirishdilar.
Tojikiston chegara qo`shinlari qo`mondoni shuningdek, 2018 yilning mart oyidan beri, Tojikiston va O`zbekiston vizalarni bekor qilishga kelishib olganidan so`ng, tojik-o`zbek chegarasidan 1 million 384 ming kishi o`tganini ma`lum qildi.






