AsosiyJamiyat

"Bolalik kunlarimda" loyihasining taqdimoti bo`lib o`tdi (foto)

'"Bolalik kunlarimda" loyihasining taqdimoti bo`lib o`tdi (foto)'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “Bolalik kunlarimda” loyihasining taqdimoti bo`lib o`tdi.

Mazkur loyiha Agentlik va Maktabgacha ta`lim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyihaning asosiy maqsadi o`zbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish orqali millatimizning ulkan madaniy merosi, xalq og`zaki ijodi namunalarini kelajak avlodga etkazishdan iborat.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbari Komiljon Allamjonov ta`kidlaganidek, audio ertaklar bolalar uchun nafaqat qiziqarli voqealar bayoni, balki ota-onalarga barkamol avlodni tarbiyalashda samarali pedagogik vosita vazifasini o`taydi. Bolalarda yaxshilik va yomonlik, xushmuomalalik, jasurlik va boshqa ijobiy xislatlarni shakllantirish, salbiy odatlarning oqibatlarini tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalq ertaklarining audio talqinini yaratishda bir guruh mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih va ruhshunoslar, aktyorlar hamkorlikda ish olib bordi. Tadbirda o`zbek xalqining sevimli ertaklaridan biri “Zumrad va Qimmat”ning audio talqini namoyish etildi. Loyiha doirasida, har oy yakunida 10 ta o`zbek va rus tillaridagi ertaklar jamlangan disklar taqdim etiladi.

Shuningdek, audio ertaklarni ta`lim jarayoniga ham integrasiyalash, ulardan rivojlantiruvchi usul sifatida foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Professional studiyada yozilgan audio ertaklar muntazam ravishda maxsus telegramm kanalda (https://t.me/bolalikkunlarimda) muayyan vaqtda bepul uzatib boriladi.

Tadbirda mutaxassislar maktabgacha ta`lim vazirligi bilan amalga oshirilgan bu loyiha yaxshi samara berishini ta`kidladi. Bu kabi loyiha tizimli davom etadi. Shuningdek, “Ko`ngil ko`zi” deb nomlangan loyihada ko`rish imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus kitoblar yaratish rejalashtirilgan.

Kelajakda bolalarning chet tillarini samarali o`zlashtirishini yo`lga qo`yish maqsadida audio ertaklarning inglizcha versiyasini ham tayyorlash ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar