AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi qo`mondonini qabul qildi

'Shavkat Mirziyoev AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi qo`mondonini qabul qildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 fevral kuni Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtablari boshliqlarining konferensiyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi qo`mondoni general Jozef Votelni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o`tgan yili may oyida AQShga rasmiy tashrif davomida bo`lib o`tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar mamlakatlarimiz o`rtasidagi keng ko`lamli strategik sheriklikda yangi davrni boshlab berganini qayd etdi.

Bugungi kunda ko`p qirrali O`zbekiston – AQSh munosabatlari izchil mustahkamlanib bormoqda, innovasiyalar, sanoat, qishloq xo`jaligi, farmasevtika va boshqa tarmoqlarda qo`shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. 2018 yilda o`zaro savdo hajmi ikki barobar ko`paydi.

Prezidentimiz AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi tomonidan tashkil etilayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Qurolli kuchlari shtablari boshliqlarining konferensiyasi ilk bor mamlakatimiz poytaxtida o`tkazilayotgani hamda bugungi davrning eng o`tkir muammolaridan biri – Afg`onistondagi qurolli mojaroni muhokama qilish va uni hal etishga yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish uchun maydon ekanini ta`kidladi.

Uchrashuvda O`zbekiston bilan AQSh o`rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik hamda xavfsizlik sohasidagi sheriklik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Jozef Votel davlatimiz rahbariga samimiy qabul va konferensiyani Toshkentda o`tkazish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi.

AQSh Qurolli Kuchlari Markaziy qo`mondonligi qo`mondoni ushbu tadbir yakunida tomonlar mintaqada tinchlik va farovonlikni ta`minlash yo`lida konstruktiv sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan strategiyani ishlab chiqishlariga ishonch bildirdi.

    Boshqa yangiliklar