Hukumat qarori bilan Xalq ta`limi vazirligi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Nizomga muvofiq, bir qator qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari, oromgohlar, tahririyatlar, “Mehribonlik” uylari vazirlik tarkibiga kirishi belgilandi.
Umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim sohasida o`quvchilarning ma`naviy axloqiy, intellektual va jismoniy rivojlanishi darajasini yanada yuksaltirishga yo`naltirilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifasi hisoblanadi.
Nizom bilan vazirlik hamda uning hududiy boshqarma va bo`limlarining vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari belgilandi.
Vazirlikka bosh vazir taqdimnomasiga binoan prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan vazir boshchilik qiladi.
Vazirning besh nafar o`rinbosari, jumladan, bir nafar birinchi o`rinbosari bo`ladi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi xalq ta`limi vaziri va hududiy bo`linmalari rahbarlarini lavozimiga tayinlash va ozod etish bevosita vazir tomonidan davlat hokimiyati organlari roziligisiz amalga oshiriladi.
Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligi muntazam baholanib boriladi.






