Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli Qoraqalpog`iston Respublikasining Mo`ynoq tumanida konsert dasturi tashkillashtirdi.
Ushbu konsert Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi targ`ibot va tashviqot guruhi tashabbusi bilan Mo`ynoq tumani markazidan 115 kilometr uzoqlikda joylashgan hududda mehnat qilayotgan ishchilar maroqli hordiq chiqarishini ta`minlash maqsadida o`tkazildi.
Ta`kidlash kerakki, O`zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida Orolbo`yida ijtimoiy-iqtisodiy holatni, aholi turmush sharoitini yaxshilash, ekologik falokat asoratlarini yumshatish bo`yicha investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, bu kabi konsert dasturlari harbiy san`atkorlar tomonidan Qo`ng`irot tumanida joylashgan maktablarda ham tashkil etildi.
Xorazm viloyati Gurlan tumanida esa Afg`onistonda bo`lib o`tgan janglarda ishtirok etgan o`g`lonlarning olib chiqilgan kunini nishonlashga bag`ishlangan bayram tadbiri o`tkazildi. Sobiq ittifoq askarlarining qo`shni respublikadan olib chiqilganiga 30 yil to`lishi munosabati bilan o`tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, mudofaa ishlar bo`limi, sud, prokuratura organi xodimlari hamda 255 nafar afg`on urushi qatnashchisi ishtirok etdi.

Tadbir davomida afg`on urushi qatnashchilari o`z xotiralari bilan bo`lishdi. Ularning yigitlik burchini bajarishdagi jasoratlari e`tirof etildi.






