21 fevral kuni poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Bosh shtab boshliqlarining navbatdagi anjumani bo`lib o`tadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Anjuman mintaqada xavfsizlikni ta`minlash, Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag`ishlanadi.
Unda O`zbekiston, Qozog`iston, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg`oniston qurolli kuchlari Bosh shtabi boshliqlari, Qirg`iziston Respublikasi qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig`ining birinchi o`rinbosari, AQSh Qurolli Kuchlari SENTKOM qo`mondoni ishtirok etadi.
Anjumanda O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Kurbanov ham qatnashishi ko`zda tutilgan.
Anjuman doirasida delegasiya rahbarlari alohida ikki tomonlama uchrashuvlarni o`tkazishi, shuningdek, delegasiya a`zolarining O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasidagi o`quv jarayonini kuzatishlari, Hasti Imom majmuasi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.






