2019 yilning 15 fevral kuni Xavfsizlik bo`yicha Myunxen konferensiyasida ishtirok etayotgan O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegasiya Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi mudofaa vaziri Gevin Aleksandr Uilyamson bilan uchrashdi.
TIV xabariga ko`ra, uchrashuvda O`zbekiston - Buyuk Britaniya aloqalari holati va kengaytirish istiqbollari, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, hozirgi xatar va xavfsizlikka tahdidlar bilan kurashish masalalari muhokama qilingan.
G.Uilyamson harbiy sohadagi O`zbekiston - Buyuk Britaniya hamkorligi darajasini ijobiy baholar ekan, Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining ushbu sohada aloqalarni rivojlantirishga qiziqish bildirdi. Britaniya tomoni O`zbekiston Mudofaa vazirligi tizimidagi islohotlar jarayoniga, jumladan, Qurolli Kuchlarni takomillashtirish va harbiy xizmatchilar malakasini oshirishga yordam ko`rsatishga tayyorligi ma`lum qilindi, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Afg`onistondagi vaziyat rivojlanishiga alohida e`tibor qaratilgan. Britaniya vaziri rasmiy London tomonidan 2018 yil mart oyida Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasining natijalarini qo`llab-quvvatlanishini ta`kidladi. Ushbu tadbirda xalqaro hamjamiyatda Afg`onistonda tinch siyosiy jarayonni boshlashga yordam berish zarurligi to`g`risida umumiy fikrga erishilgan.
Bundan tashqari, G.Uilyamson Afg`oniston bo`yicha O`zbekiston - Buyuk Britaniya maslahatlashuvlarini ikki tomonlama munosabatlarning muhim mexanizmi deb atadi va Buyuk Britaniyaning ushbu yo`nalishda yanada yaqin hamkorlik qilishga tayyorligini qayd etdi.
Uchrashuvda O`zbekistonning Afg`onistonda ilgari surgan yirik ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma loyihalari tashabbuslarini Britaniya tomoni qo`llab-quvvatlashi yuzasidan ham fikr almashilgan.






