Ayrim qonunbuzarlar bojxona chegaralari orqali hamisha qandaydir tovar-moddiy boyliklarini pinhona olib o`tishga intilishadi. Shu sababli bojxonachilar doim sergaklikni qo`ldan boy bermagan holda ish olib borishadi.
Yaqinda “Olot” chegara bojxona posti orqali yurtimizga kirib kelayotgan yuk avtomashinasi tegishli tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazildi. Ko`rik davomida, bojxona deklarasiyasida yozib ko`rsatilmagan, bojxona xodimining og`zaki so`rovida ma`lum qilinmagan umumiy qiymati 4,5 million so`mlik 24 dona elim idishlarda jami 772 litr dizel yoqilg`isi borligi aniqlandi. Bu haqda respublika bojxona qo`mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xuddi shunday bojxona qoidabuzarligi yana 3 ta yuk avtomashinasi haydovchilari tomonidan ham sodir etilib, jami 20,5 million so`mga teng bo`lgan 3358 litr dizel yoqilg`isining noqonuniy tarzda yurtimizga olib kirilishiga chek qo`yildi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






