AsosiyJamiyat

Taniqli jurnalist ​Jo`ra Sa`dullaev olamdan o`tdi

'Taniqli jurnalist ​Jo`ra Sa`dullaev olamdan o`tdi'ning rasmi

Jo`ra Sa`dullaev 1939 yilning 10 yanvarida Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Eshonguzar qishlog`ida tug`ilgan.

1960-1967 yillari O`rta Osiyo Davlat universitetining Filologiya fakulteti jurnalistika bo`limida tahsil olgan. Qibray tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasida xodim, bo`lim mudiri, muharrir o`rinbosari, Zangiota tumani ijtimoiy-siyosiy gazetasida muharrir, “Yosh Leninchi” gazetasida bo`lim mudiri, 1974-1988 yillarda “Sovet O`zbekistoni” (hozirgi “O`zbekiston ovozi”) gazetasida muxbir, bo`lim mudiri, bosh muharrir o`rinbosari, 1988-1989 yillarda “Mushtum” jurnalida bosh muharrir, keyingi yillarda “Qishloq haqiqati” gazetasida muxbir, “Xalq so`zi” gazetasining Toshkent viloyati bo`yicha muxbiri, bo`lim mudiri, O`zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining Toshkent viloyati bo`limi raisi, “O`zbekiston tabiati” gazetasida bosh muharrir, O`zbekiston Kasaba uyushmalari federasiyasi kengashining Matbuot sho``basida mudir, “Munosabat” (hozirgi “Nuroniy”) gazetasida bosh muharrir, “Toshkent haqiqati” viloyat ijtimoiy-siyosiy gazetasining bo`lim mudiri vazifalarida ishlagan.

U o`zining samarali ijod faoliyati davrida “Dallasdagi otishmalar aks-sadosi”, “Amerika imperializmining qonli izlari” publisistik kitoblari, falsafa, iqtisodiyot va buxgalteriya hisobiga oid o`ndan ortiq kitoblarni o`zbek tiliga tarjima qilgan.

O`zbekiston Jurnalistlar soyuzi mukofotining laureati (1976 yil), O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan jurnalist (1988 yil) faxriy unvoni sohibi, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g`olibi (2006 yil) bo`lgan.

Jo`ra Sa`dullaev “Kamolot yo`llari” (1980 yil), “Tik parvoz” (1986 yil), “So`nggi topshiriq” (1979 yil) ocherklari to`plamlarining muallifi, “O`zbekiston yulduzlari” (1977 yil), “O`zbekiston qo`riqlari” (1980 yil) kitoblarining hammuallifi. “Zamondosh qalbi” (2005 yil, publisistik nashr), “Davr ko`zgusi” (“Toshkent haqiqati”: yillar, ijodkorlar, izlanishlar”, 2006 yil), “Asom g`adang nima deydi?” (2007 yil, feletonlar to`plami), “Umr oqar suv emas” (2010 yil, publisistik nashr), “Ovloqdagi xonadon” (2010 yil, dedektiv qissa), “Ko`ngil to`lg`oqlari” (2011 yil, publisistik nashr) kitoblarining muallifi.

Shuningdek, “Shajara – xotirada o`chmas mash`ala” (2006 yil) avlodlar shajarasi kitobining hammuallifi.

Bugungi kunda uning o`nlab shogirdlari respublikamizning turli ommaviy axborot vositalari hamda qator idora va muassasalarida samarali mehnat qilishmoqda.

Jurnalistning oila a`zolari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiramiz.

    Boshqa yangiliklar