AsosiyJamiyat

1 martdan patronat oiladagi bola uchun 850 ming so`m nafaqa to`lanadi

'1 martdan patronat oiladagi bola uchun 850 ming so`m nafaqa to`lanadi'ning rasmi

11.02.2019 yildagi «Etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qaror imzolandi.

Hujjatda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni shartli ravishda uchta blokka bo`lish mumkin, deb yozadi Norma.

Etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilish

Birinchidan, 1 martdan boshlab oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir bola uchun to`lanadigan nafaqa miqdori 1,33 barobarga oshirilib, 820 000 so`mni tashkil qiladi, keyinchalik inflyasiya hajmidan kam bo`lmagan miqdorda oshirib boriladi.

Ikkinchidan, banklar ko`p kvartirali uylardan kvartira sotib olish maqsadida imtiyozli ipoteka kreditlarini ajratadilar (shu jumladan, ushbu toifadagi 18 yoshdan 23 yoshgacha bo`lgan shaxslarga). Bunda yosh oilalar uchun nazarda tutilgan shartlarda (batafsil qarang) mablag` beriladi. Dastlabki badal O`zbekiston yoshlar ittifoqining Rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan to`lab beriladi. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish uchun imtiyozli kreditlar rasmiylashtiriladi.

Uchinchidan, tarbiya muassasalarini tamomlaganlarning ishga joylashtirilishi ustidan tizimli monitoring mexanizmi o`rnatiladi. «Aholini ish bilan ta`minlash to`g`risida»gi Qonunning yangi tahririda ushbu yo`nalishda qo`shimcha kafolatlarni nazarda tutish vazifasi topshirildi.

To`rtinchidan, 1 aprelga qadar tutingan ota-onalar doimiy propiska qilingan uy-joy maydoniga Toshkentda va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishini ta`minlash bo`yicha takliflar kiritiladi.

«Mehribonlik» uylari, bolalar shaharchalari rahbar xodimlari va tarbiyachilari, barcha turdagi xalq ta`limi muassasalari tarbiyachilarini ijtimoiy himoya qilish

Birinchidan, 1 martdan sanab o`tilgan xodimlarning bazaviy tarif stavkasi 1,5 barobarga oshiriladi va u umumta`lim maktablarining tegishlicha rahbar va pedagogik xodimlari bazaviy tarif stavkasining 75 foizi darajasida belgilanadi. 1 oktyabrdan esa ularning miqdorlari bir-biriga tenglashtiriladi, bunda ayrim fanlar chuqur o`rgatiladigan ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari tarbiyachilari uchun ko`zda tutilgan ustama bekor qilinadi.

Ikkinchidan, 1 oktyabrdan boshlab jismoniy yoki ruhiy rivojlanishida nuqsoni bo`lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat ta`lim muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to`lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 75%i miqdorida to`lanadi.

Uchinchidan, vasiylik va homiylik organlari xodimlariga o`z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bilan bog`liq transport xarajatlarini qoplash uchun har oyda 170 000 so`m miqdorida kompensasiya to`lanadi. Keyinchalik kompensasiya inflyasiya hajmidan kam bo`lmagan miqdorda oshirib boriladi.

To`rtinchidan, bolalar uylari, nogiron bolalar uchun «Muruvvat» internat uylari hamda sil kasalligiga qarshi bolalar sanatoriysi tarbiyachilariga tegishli toifadagi davlat maktabgacha ta`lim muassasalari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasi miqdorlari qo`llaniladi.

Beshinchidan, oilaviy bolalar uylari tarbiyalovchi ota-onalarining bazaviy tarif stavkasi «Mehribonlik» uylari tarbiyachilari uchun belgilangan bazaviy tarif stavkasining ikki barobari miqdorida hisoblanadi. Tegishincha, mehnatning alohida sharoitlari uchun amaldagi ustama haqi bekor qilinadi. Biroq «Mehribonlik» uylari tarbiyachilari uchun belgilangan har yilgi ta`tillar, imtiyozlar va kafolatlar berish tartibi saqlab qolinadi.

«Mehribonlik» uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylari faoliyatini takomillashtirish

Bunda ham kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan:

  • bir oy muddatda 1 ta psixolog shtat birligi, tarbiyalanuvchilari soni 200 nafardan ortiq bo`lgan muassasalarga 2 ta psixolog shtat birliklari kiritiladi;
  • 2019 yil davomida zamonaviy kompyuter sinflari ochiladi, tarbiyalanuvchilarni zamonaviy kompyuter dasturlash ko`nikmalariga o`qitish tashkil qilinadi. Elektron o`quv materiallaridan foydalanish maqsadida muassasalar «ZiyoNET» ta`lim tarmog`iga ulanadi;
  • «Mehribonlik» uylari bosqichma-bosqich kam komplektli bolalar shaharchalariga hamda ijtimoiy muassasalarning boshqa muqobil shakllariga o`tkaziladi (2019–2023 yillarda «Mehribonlik» uylarini noinstitusionallashtirish dasturi ishlab chiqiladi);
  • 1 iyungacha mazkur muassasalarning hududlari va xonalari videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Videoyozuvlar maxsus arxivda kamida 1 oy davomida saqlanadi.

Bundan tashqari, vasiylik va homiylik organlari, «Mehribonlik» uylari, bolalar shaharchalari, bolalar uylari hamda etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar uchun boshqa tarbiya muassasalari:

  • davlat notarial idoralari, Davlat xizmatlari markazlari, FHDYo va ichki ishlar organlari, davlat tibbiyot va boshqa muassasalar orqali etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni joylashtirish bilan bog`liq hujjatlarni rasmiylashtirishda;
  • etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilishda davlat boji va boshqa to`lovlardan ozod etiladi.

    Boshqa yangiliklar