Bugun, 13 fevral kuni kam ta`minlangan va ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalarning tug`ma oyoq nuqsoni, mushaklar tortilishi, terining kuyish asoratlari tashxisi qo`yilgan 10 nafar farzandi davolanish uchun Germaniyaga jo`nab ketdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
– Ular 6 oydan 3 yilgacha bo`lgan muddatda Germaniya klinikalarida davolanib qaytadi. Bu bolalarga fondimizning mas`ul xodimlari hamrohlik qilishadi, – dedi “Sog`lom avlod uchun“ xalqaro xayriya fondi bo`lim boshlig`i Jumabek Nurov.
2002 yilda “Sog`lom avlod uchun“ xalqaro xayriya fondi, Sog`liqni saqlash vazirligi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International“ xalqaro tashkiloti o`rtasida uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolangan edi. Hamkorlik doirasida 12 yoshgacha bo`lgan bemor va nogironligi bo`lgan bolalarga yuqori sifatli tibbiy yordam ko`rsatilmoqda. 2002-2018 yillar davomida 374 o`zbekistonlik bemor bola terining kuyish asoratlari, tug`ma qo`l-oyoq bo`g`imlari va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolandi.

Ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag`lari hisobidan 2018 yilda respublika bo`yicha jami 236 nafar tug`ma lab-tanglayi nuqsoni bo`lgan nogiron bolalarda jarrohlik amaliyoti o`tkazildi. “Chiroyli oyoqchalar” loyihasi doirasida tug`ma oyoq nuqsoni (maymoqlik) va qiyshiq bo`yin tashxisi bor 86 nafar 15 yoshgacha bo`lgan bolalar operasiya qilindi. 48 nafar bola terining kuyish asoratlari sabab plastik jarrohlik stoliga yotqizildi.

Buxoro viloyati Qorako`l tumani Sherobod mahallasida yashovchi Shahzoda Xudoyberdievaning ham besh yoshida velosipeddan yiqilishi natijasida oyoqlari (o`ng tizzasining pastki qismi) singan edi. Shundan so`ng suyagida emirilish kuzatilib, ikkinchi oyog`iga nisbatan 3 santimetr kalta bo`lib qolgandi. Shu bois, 2012 yili 6 oy, 2015 yili 1,5 yil Germaniyada davolanib keldi.

– Buning uchun “Sog`lom avlod uchun“ fondiga cheksiz minnatdorlik bildiramiz, – deydi Shahzodaning otasi Rustam Davlatov. – Qizimizning sog`ayishiga ko`maklashayotgan barcha tibbiyot xodimlarining ham umrlari uzoq bo`lsin. Farzandimiz bu safar Germaniyaga qancha muddatga ketadi, bu hali aniq emas. Uni sog`inamiz, albatta. Muhimi, Shahzoda yanada sog`ayib, eson-omon bag`rimizga qaytsin.
Shahzoda hozir 14 yoshda. Rasm chizish jon-u dili. U bilan suhbatlashganimizda bir olam orzulari borligiga amin bo`ldik.






