AsosiyJamiyat

O`zbekistonga kelgan sayyohlar o`rtasida tadqiqot o`tkazildi. Natija qanday?

'O`zbekistonga kelgan sayyohlar o`rtasida tadqiqot o`tkazildi. Natija qanday?'ning rasmi

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan 72 ta davlatdan kelgan 5,7 ming nafar sayyoh orasida tadqiqot o`tkazildi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati xabar berdi.

Bundan ko`zlangan maqsad mehmonlarga afzal bo`lgan asosiy jihatlar hamda ularning orzu-tilaklarini aniqlash bo`ldi.

Ma`lum bo`lishicha, turistlarning ko`pchiligi do`stlari va oila a`zolari, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan maslahatlar asosida O`zbekistonga kelishga qaror qilishgan. Qolaversa, gazeta va jurnallar, televizion hujjatli filmlar va yangiliklar dasturlari ham bu borada muhim o`rin tutishi ma`lum bo`lgan.

Dunyoning 72 mamlakatidan kelgan olti mingga yaqin sayyoh o`rtasida o`tkazilgan so`rov ana shunday xulosaga kelishga asos yaratdi.

Tadqiqotga ko`ra, diyorimizga Markaziy Osiyodan keladigan turistlarning asosiy qismi Qozog`iston, MDHdan esa Rossiya fuqarolaridir. O`zbekistonga Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan xitoyliklar, Evropadan fransiyaliklar, Yaqin Sharqdan turkiyaliklar, Shimoliy Amerikadan AQShliklar eng ko`p tashrif buyurgan.

35 yoshdan 45 yoshgacha bo`lgan yosh guruhi ichida eng ko`p respondentlar Markaziy Osiyo(29,4 foiz), MDH(33,8 foiz) va Osiyo-Tinch okeani mintaqalari(30) hissasiga to`g`ri kelgan. Evropalik turistlarning asosiy qismi esa 55 va undan yuqori yoshdagi insonlardir.

So`rovda qatnashganlarning qariyb 40 foizi O`zbekistonga o`z tanishlari va qarindoshlarini ko`rish uchun kelishganini aytgan. Respondentlarning 33,6 foizi esa yurtimizga ta`til, madaniy xordiq chiqarish va dam olish uchun kelganini bildirgan.

Tahlilga ko`ra, uzoq xorijdan keladigan sayyohlarning asosiy maqsadi xordiq chiqarish va dam olishdir. Masalan, Gonkongning so`rovda ishtirok etgan barcha fuqarolari O`zbekistonga dam olish uchun tashrif buyurganini qayd etgan. Avstraliya fuqarolarining 89 foizi, niderlandlarning 87,1 foizi, italyanlarning 86,3 foizi, fransuzlarning 85,1 foizi ham xuddi shunday maqsad bilan mamlakatimizda mehmon bo`lgan.

Turistlarning asosiy qismi(79 foiz)ning O`zbekistonda bo`lish davri 1-9 kunni tashkil etgan. Shimoliy Amerikadan 85 foiz, Osiyo-Tinch okeanidan 81 foiz, Evropadan 78 foiz va Yaqin Sharqdan 72 foiz sayyoh jamoa bilan kelgan bo`lsa, Markaziy Osiyo va MDHdan turistlarning yarmi yolg`iz sayohat qilishni ma`qul ko`rgan.

Respondentlarning 12,8 foizigina sayyohlik yo`llanmasi bilan O`zbekistonga tashrif buyurganini ta`kidlagan. Turistlar tomonidan olingan bunday yo`llanmalarning 16,8 foizigina o`zbek turoperatorlari va turfirmalari tomonidan sotilgan.

O`zbekiston shaharlari bo`ylab yurishda mehmonlar taksi(52,9), poezd(12,5), avtobus(10,4) va mini-avtobus(10,1) kabi transport vositalarini afzal deb bilgan.

Toshkent shahri turistlar eng ko`p tashrif buyuradigan joyga aylangan. Lekin safarda bo`lish muddati uzoqligi bo`yicha Termiz birinchi o`rinni olgan. Bu erda sayyohlar o`rtacha 6,2 kun qolishgan. Nukusda 5,7, Toshkentda 5, Xivada 3,7, Samarqandda 2,6 va Buxoroda 2,4 kecha-kunduz bo`lishgan.

Mehmonlar O`zbekistonda do`konlardan mahsulot xarid qilish(shoping), muzey va galereyalarga borish, sayr qilish, tarixiy joylarga ekskursiya va piyoda borishga katta qiziqish bildirgan. Markaziy osiyolik sayyohlar O`zbekistonda do`konlarni aylanish(39,7)ni eng ko`p ma`qul ko`rgan bo`lsa, evropaliklar(77,5) va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi(72,2)dan kelganlar muzey va galereyalarga borishda faollik ko`rsatishgan

    Boshqa yangiliklar