AsosiyJamiyat

Farg`onada bir nechta jinoyatlarda ayblangan maktab direktori oqlandi

'Farg`onada bir nechta jinoyatlarda ayblangan maktab direktori oqlandi'ning rasmi

Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanidagi 49-umumta`lim maktabi direktori Rustam Hakimovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi bekor qilindi. U butunlay oqlandi, deb xabar qiladi O`zA.

Direktor R. Hakimov 500 ming so`m ijara pulini foydalanuvchidan naqd pul tarzida olib, davlat manfaatiga jiddiy ziyon etkazgan deb Jinoyat Kodeksining 205-moddasi bilan, 2005-2012 yillarda 1 million 579 ming so`m ijara pulidan 789 ming 900 so`mini mahalliy byudjetga o`tkazmasdan maktab manfaati uchun sarflab, davlat manfaatiga jiddiy ziyon etkazgan deb 206-moddasi bilan, rasmiy hujjatlarni takroran soxtalashtirgan deb 209-moddasi bilan, guruh bo`lib, takroran 5 ta epizodda davlatning jami 4 million 185 ming so`mlik mulkini talon-toroj qilgan deb, 167-moddasi bilan sudlangan edi.

Jinoyat ishi kassasiya sudida direktor R. Hakimov va himoyachining shikoyati asosida ko`rib chiqilib, sud hukmi bekor qilindi. Ish bo`yicha jinoiy hodisa yuz bermagani va harakatlarida jinoyat tarkibi bo`lmagani sababli maktab direktori aybsiz deb topildi.

Aniqlanishicha, maktab ma`muriyati 2011 yil 1 sentyabrda maktab bufetini oyiga 62 ming 920 so`m evaziga ijaraga bergan. Maktab pedagogik kengashi tomonidan 2011 yil 11 noyabrdan boshlab, ijara puli 650 ming so`m qilib belgilangan. Ijarachi va maktab ma`muriyatida shartnoma tuzish, o`zgartirish va bekor qilish yuzasidan etarli huquqiy bilim bo`lmagani oqibatida nizo kelib chiqqan. Ijarachi mazkur nizo yuzasidan tegishli sudga murojaat qilish o`rniga, huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilib, direktor 62 ming 920 so`m o`rniga 650 ming so`m ijara to`lashni talab qilayotgani uchun unga nisbatan chora ko`rishni so`ragan. Arizaga asosan tezkor-tadbir o`tkazilib, direktor R. Hakimov S. Marajabovdan 650 ming so`m ijara to`lovi hisobidan 500 ming so`m olgan vaqtda (pora olgan deb) ushlangan.

Quyi sud, ijarachi ijara pulini maktab hisobchisi, xo`jalik ishlari mudiri, direktor o`rinbosari yoki direktoriga har oy naqd pul tarzida berib kvitansiyalarni to`liq olib kelgani va pedagogik kengashda ijara puli 650 ming so`m qilib belgilanganidan xabardorligi, tezkor tadbirda direktor olgan 500 ming so`m ham ijara to`lovi ekani, direktor 500 ming so`m ijara pulini naqd olib buxgalteriyaga kirim qildirish orqali davlat yoki ijarachi manfaatiga jiddiy ziyon etkazilmagani aniqlangan bo`lsa-da, direktorning ushbu harakatini Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan oqlash o`rniga, mansabini suiiste`mol qilgan deb 205-moddasi (mansabini suiiste`mol qilish) bilan asossiz ayblagan.

Yana direktor ixtisoslashtirilgan qo`shimcha sinf o`quvchilarining oziq-ovqati uchun ota-onalardan 21 million 37 ming so`m naqd pul yig`ib, asossiz sarflab, ularni manfaatiga juda ko`p miqdorda ziyon etkazgan deb ayblangan edi.

Yuqori sudda, ushbu pullarni ota-onalar yig`ilishining qaroriga asosan ota-onalar ixtiyoriy yig`ib o`zlari sarflashgani, unga direktorning daxli bo`lmagani, ota-onalarning oziq-ovqat uchun pul yig`ishi natijasida na davlat va na ota-onalar manfaatiga ko`p miqdorda zarar etkazilmagani aniqlandi. Bundan tashqari, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirib, byudjet mablag`larini o`zlashtirgan deb, Jinoyat Kodeksining 167 va 209-moddalari bilan ham ayblangan edi.

Yuqori sudda, talon-toroj jinoyatiga daxldor yoki guvoh deb topilgan barcha shaxslar so`roq qilindi. Jinoyat ishi yuzasidan to`plangan barcha hujjatlar sinchkovlik bilan xolisona o`rganib chiqildi. Ammo direktorning davlat mulkini talon-taroj qilgani aniqlanmadi.

Shu sababli maktab direktoriga sud muhokamasi o`tkazilgan mazkur ishning ayrim epizodlari bo`yicha jinoiy hodisa yuz bermagan (u tomonidan qoida buzilgan bo`lsada, jinoyat emas) va ayrim epizodlari bo`yicha direktorning harakatlarida jinoyat alomatlari yo`q (u tomonidan qonunga zid harakatlar qilinmagan) deb topilib, oqlandi.

    Boshqa yangiliklar