Adliya vazirligi jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun huquqiy mavzularda o`quv kurslari tashkil qilmoqda.
“Jurnalistika: huquqiy amaliyot va ko`nikmalar” deb nomlangan ushbu o`quv kurslari to`rtta kontingent (matbuot, televidenie, radio va elektron ommaviy axborot vositalari)ni o`zi ichiga olib, dastlabki o`quv kurslari joriy yilning fevral oyida o`tkaziladi.
O`quv kurslarini samarali tashkil etish bo`yicha rivojlangan davlatlar amaliyotiga tayangan holda o`quv dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dasturga asosan mashg`ulotlar ikki kun davom etib, ular quyidagi modullar asosida olib boriladi:
- ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy kafolatlari;
- jurnalistning huquqlari va majburiyatlari;
- axborot olish va tarqatish kafolatlari, axborot tarqatishda inson sha`ni, qadr-qimmatini himoya qilish va javobgarlik masalalari;
- qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, muhokama qilish, huquqiy ekspertizadan o`tkazish va qabul qilish. Qonunchilikni sharhlash;
- huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi islohotlar, uni ommaviy axborot vositalari yoritish;
- murojaatlar bilan ishlash. Davlat xizmatlari ko`rsatish masalalari;
- huquqiy materiallarni tayyorlashda jurnalistning yuridik leksikadan foydalanishiga doir qoidalar;
- OAV xodimlarining Lex.uz qonun hujjatlari elektron bazasi bilan ishlashi;
- jurnalist etikasi va axloqiy chegaralar;
- korrupsiyaga qarshi kurashishda OAVning ishtiroki.
Jurnalistlar uchun ushbu kurslar doimiy ravishda amalga oshiriladi.
Mashg`ulotlar malakali va tajribali huquqshunos va jurnalistlar tomonidan interaktiv va faol suhbatlar tarzida innovasion texnologiyalardan foydalanilgan holda tashkil etiladi.
Ushbu kurslarda tahsil olish bepul bo`lib, xohlovchilar quyidagi manzilga murojaat etishlari mumkin: targibot@minjust.gov.uz.
Kurs bitiruvchilariga tegishli sertifikatlar taqdim etiladi.






