AsosiySport

O`zbekistonda umrbod oylik to`lanadigan sportchilar nomi e`lon qilindi

'O`zbekistonda umrbod oylik to`lanadigan sportchilar nomi e`lon qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yilning 27 dekabridagi va joriy yilning 7 fevraldagi tegishli farmoyishlariga asosan, umrbod oylik to`lov oladigan sportchilar ro`yxati tasdiqlandi. Bu haqida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ularga Jismoniy tarbiya va sport vazirligining har yili tasdiqlanadigan Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasida nazarda tutilgan mablag`lar hisobidan:

  • Oltin medal uchun — eng kam oylik ish haqining 10 barobari;
  • Kumush medal uchun — eng kam oylik ish haqining 5 barobari;
  • Bronza medal uchun — eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida umrbod oylik to`lab boriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 oktyabrdagi 878-son qarori bilan tasdiqlangan Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari g`olib va sovrindorlariga to`lanadigan umrbod oylik to`lovlar to`lash tartibi to`g`risida nizomga asosan, umrbod to`lovlarni olish uchun har yili 1 dekabrga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ariza va pasport nusxasi taqdim etilishi shart.

Sportchi O`zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqsa yoki musobaqada boshqa davlat nomidan ishtirok etsa, butunjahon antidoping tashkiloti (WADA) tomonidan taqiqlangan dori vositalari qo`llagani aniqlanib, Olimpiya va Paralimpiya g`olib va sovrindorligidan mahrum etilsa, sud qaroriga muvofiq ozodlikdan mahrum etilsa, vafot etsa umrbod oylik to`lov to`xtatiladi.

Ta`kidlash joiz, sportchi kelgusi Olimpiya va Paralimpiya o`yinlarida yana g`olib va sovrindor bo`lsa, unga umrbod oylik to`lovlar oshirilgan miqdorda to`lanadi.

Ayni damda umrbod oylik to`lov to`lab boriladigan Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari g`olib va sovrindori soni 57 nafarni tashkil etadi. Ular orasida Og`ir atletikachi Ruslan Nurudinov, bir qator bokschilar — Shahobiddin Zoirov, Hasanboy Do`stmatov, Fazliddin G`oibnazarov, Bektemir Meliqo`ziev, Shahram G`iyosov kabi Rio Olimpiadasi sovrindorlari mavjud.

Boshqa yangiliklar