Etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni himoya qilishni kuchaytirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 fevraldagi “Etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori bilan etim bolalar va ota-onasining qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni himoya qilishni kuchaytirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari oilaviy vasiylik va homiylikning turli shakllarini yaratishga ko`maklashadi. Shuningdek, 2019 yil 1 iyunga qadar “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylarining hududlari va xonalari videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini ta`minlaydi. Videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir oy davomida saqlanishi nazarda tutiladi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va Sog`liqni saqlash vazirligi “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va bolalar uylaridagi videokuzatuv kameralarining texnik sozligi va uzluksiz ishlashini, keyinchalik ularni O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va Sog`liqni saqlash vazirligi tizimida arxivlashtirishni ta`minlaydi.






