AsosiyJamiyat

Po`lat Bobojonov: Uyma-uy yurish asnosida 13 ming 716 muammo aniqlanib, 1,5 mingga yaqini joyida hal etildi

'Po`lat Bobojonov: Uyma-uy yurish asnosida 13 ming 716 muammo aniqlanib, 1,5 mingga yaqini joyida hal etildi'ning rasmi

Ichki ishlar organlari mas`ul bo`lgan uchinchi sektor vakillari fevral oyining birinchi haftasida 12 ming 466 xonadonga kirib bordi, deya xabar beradi O`zA.

«Uyma-uy yurish asnosida 13 ming 716 muammo aniqlanib, ulardan 1,5 mingga yaqini joyida hal etildi, qolganlarini hal etish bo`yicha zarur chora-tadbirlar ko`rilmoqda. Sektorlar faoliyati yo`lga qo`yilgani joylardagi muammolarini hal etishda davlat organlarining mas`uliyatini oshirdi.

Bu tizim davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo`lga qo`yishda muhim omil bo`ldi», - deydi Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov.

2019 yil 8 yanvarda O`zbekiston Prezidentining «Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida»gi qarori qabul qilingani tizimda o`ziga xos yangi bosqich boshladi.

Endilikda qaror asosida sektorlar faoliyati uchun mas`ul bo`lgan tuzilmalar, shu jumladan, ichki ishlar organlarining sektorlar bo`yicha faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi.

Jumladan, sektorlar faoliyatiga «tuman (shahar) – viloyat – respublika» tamoyili joriy etildi. Unga ko`ra, hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralarida sektorlar bo`yicha vertikal boshqaruv tizimi yo`lga qo`yildi.

Sektorlar shtabi maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Sektor rahbarining vakolati kengaytirildi.

Ular o`z hududida aniqlangan muammolarni moliyalashtirish bo`yicha so`rovlar kiritish huquqiga ega bo`ldi. Bundan tashqari, sektor rahbarlari shtab a`zolarini rag`batlantirish va ularni javobgarlikka tortish uchun hokimlikka hamda ish beruvchi tashkilotlarga ko`rib chiqilishi majburiy bo`lgan takliflar kiritadigan bo`ldi.

Qaror asosida sektor rahbarlari va a`zolari faoliyatini baholash, ularni rag`batlantirish hamda jazolash bo`yicha adolatli tizim joriy etiladi.

Endilikda har yilning yakuniga ko`ra, «Eng namunali sektor», «Eng tashabbuskor sektor rahbari», «Eng faol sektor shtabi a`zosi» nominasiyalari bo`yicha respublika tanlovlari o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar