AsosiyJamiyat

Xorijdagi yurtdoshlarimiz O`zbekiston turizmini targ`ib qilishmoqda

'Xorijdagi yurtdoshlarimiz O`zbekiston turizmini targ`ib qilishmoqda'ning rasmi

Yaponiyadagi vatandoshlarimiz O`zbekiston turizmini targ`ib qilish ishlariga ko`maklashish tashabbusi bilan chiqdi. Yaponiyaning ko`plab shaharlarida olib borilgan bu ishlarning natijasida birinchi sayyohlar guruhi yurtimizga tashrif buyurdi.

Ularni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi o`rinbosari vazifasini bajaruvchi S.Akbarov va OAV vakillari kutib oldi.

– O`zbekistonga xalqingiz madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun keldim, – deydi guruhi rahbari Yas Uka. – Sayohatimiz 10 kundan iborat bo`lib, Namangan, Andijon, Farg`ona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shaharlarini tomosha qilmoqchimiz. Yaponiyaning Xirosima shahrida yashayotgan o`zbekistonlik Boburjon O`zbekistonda yaratilayotgan sharoitlar, mavjud madaniy meros ob`ektlari haqida tarqatma materiallar berdi. Uning taqdimotlari sabab yurtingizga qiziqib qoldik.

photo5411475647420803684.jpg

– O`zbekiston mehmondo`st xalq ekanligi haqida bilardik, lekin bizni bunday tantanali kutib olishlari tushimizga ham kirmagandi, – deydi guruh a`zosi Hashi Moto .– Turizmni rivojlantirish qo`mitasining o`rinbosari bizni sovg`alar bilan kutib olganidan ochig`i hayratlandim. Shu bilan birga yurtingizda turizmga qaratilayotgan e`tiborning ne chog`lik yuqori ekanligini angladim.

photo5408861056014592690.jpg

Ma`lumot o`rnida aytish mumkinki, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi AQSh, Germaniya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Shveysariya, Avstriya, Polsha, Latviya, Yaponiya, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni va boshqa bir qator xorijiy mamlakatlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan aloqa o`rnatib, muloqotni yo`lga qo`ymoqda. Jumladan, Chexiya, Polsha, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlarga targ`ibot materiallari etkazilib, bugungi kunda vatandoshlar keng ko`lamda targ`ibot ishlari olib bormoqda.

Ularga O`zbekistonning turizm salohiyatini targ`ib qiluvchi materiallar etkazib berishda Prezidentimizning 2018 yil 25 oktyabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O`zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Boshqa yangiliklar