O`zbekistonda jurnalistlarning kasb etikasi kodeksi ishlab chiqilmoqda, deb xabar qildi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi matbuot xizmati.
Xabarda keltirilishicha, fuqarolarning xolis, ishonchli axborot olishlari, shuningdek, jurnalistlarning fikrlar xilma-xilligini inobatga olgan holda haqqoniy va ob`ektiv ma`lumot tayyorlashi va ularni etkazishini ta`minlash maqsadida jurnalistlarning kasb etikasi kodeksi ishlab chiqilmoqda. Bu ommaviy axborot vositalarining o`z-o`zini boshqarish usuli bo`lib, bu borada hech qanday sud yoki vakolatli davlat idoralari aralashmaydi.
Kodeks asosida jurnalistlarning sifatli axborot etkazishda mas`uliyatlarini oshirish ko`zda tutilgan.
“Jurnalistlarning Kasb etikasi kodeksi prinsiplari va normalarini buzgan jurnalistlar kodeksda belgilangan tartibga ko`ra javobgarlikka tortiladilar”, - deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, avvalroq 2019 yil 1 iyunga qadar O`zbekiston Respublikasi jurnalistining umume`tirof etilgan milliy guvohnomasini joriy etish bo`yicha me`yoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.






