Tug`ma yurak kassaligi bilan xastalangan uch nafar o`zbekistonlik bola Fransiyada shu yilning yanvar oyida Lola Karimova-Tillaevaning «Sen yolg`iz emassan» fondi moliyaviy ko`magi bilan yurak operasiya qilindi, deb xabar berdi Karimov fondi.
Namanganlik Sevinch Umaralieva (4 yosh), Komilaxon Sultanxonova (10 yosh) va xorazmlik Alibek Abdullaev (10 yosh) Fransiyaning Nant shahridagi klinikada etakchi fransuz kardiojarrohlari tomonidan muvaffaqiyatli operasiya qilindi.
Alibek uchun mazkur jarrohlik operasiyasi ikkinchi bosqichda amalga oshirildi. Birinchi bosqich 2017 yilning mart oyida fond ko`magi bilan Fransiyada o`tkazilgan edi.
Nant shahridagi klinikaga bolalar onalari bilan birgalikda yuborildi. Tashxislar o`ta og`ir bo`lganligi sababli har bir operasiya 8—10 soat davom etdi.
«Bunday og`ir paytlarda, albatta, yaqin insonlarning daldasi va mehri juda zarur. Shuning uchun bolalarni chet elga operasiyaga ona yoki buvilari bilan birgalikda jo`natamiz. Fransuz shifokorlari bolajonlarning ota-onalarini farzandlarining ahvoli haqida muntazam va to`liq xabardor qilib turishlari uchun fondimiz tomonidan har safar ular bilan birga tarjimon yuboriladi. Operasiyadan so`ng bolalar yana bir – bir yarim oy davomida Fransiya shifoxonasida davolanadilar.
Toshkentdan Fransiyaga samolyotda safar paytida sog`lig`i zaif bolajonlarning ahvolini nazorat ostida ushlab turish maqsadida fondning malakali shifokori ularga hamrohlik qiladi», — deyiladi xabarda.
«Sen yolg`iz emassan» fondining moliyaviy ko`magi bilan 2015 yildan beri fransiyalik kardiojarrohlar tomonidan o`zbekistonlik kam ta`minlangan oila farzandlari va Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga jami 100 yaqin murakkab yurak operasiyalari amalga oshirildi, ulardan 16 tasi Fransiyaning Nant shahridagi klinikada o`tkazildi.








