Bugun, 11 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:45 da Tyumen – Xanti-Mansiysk trassasida yo`l-transport hodisasi sodir bo`ldi, deb xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi.
Mamlakatimizning Ekaterinburg shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi xabar qilishicha, hodisa oqibatida uch nafar O`zbekiston fuqarosi jabrlandi, ulardan ikkitasi halok bo`ldi, bir kishi Tyumen shahrining 2-sonli shahar shifoxonasiga etkazildi.
1984 yil 21 fevralda tug`ilgan Toshkentboev Shuhratbek G`ulomovich va 1983 yil 22 noyabrda tug`ilgan Sayaxmedov Baxtiyor Tojiboevich YTH oqibatida vafot etganlar.
1976 yil 28 noyabrda tug`ilgan Mirzaaxmedov Kurvonjon Mirzalievich esa jarohat olgan.
«Standart plyus» MChJ Mehnat muhojirlariga ko`maklashish xalqaro assosiasiyasi (ishga qabul qiluvchi firma) ma`lumotiga ko`ra mehnat faoliyatini amalga oshirish ruxsatini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 20 ta yo`lovchi bilan (barchasi O`zbekiston fuqarolari) Tobolsk shahridan Tyumen shahriga yo`l olgan «Mercedes» rusumli mikroavtobus yuk avtomashinasi bilan to`qnashgan.
Mikroavtobusdagi qolgan 17 nafar fuqaro jarohatlanmagan va keyinroq o`z hujjatlarini rasmiylashtirib, Tobolsk shahriga qaytib kelgan.
Mehnat muxojirlariga yordam berish xalqaro assosiasiyasi YTH bilan bog`liq barcha xarajatlarni, shu jumladan, O`zbekiston fuqarolari jasadlarini vatanga qaytarish bilan bog`liq xarajatlarni qoplashini ma`lum qildi.
Bosh konsulxona tomonidan hamyurtlarimizga amaliy yordam ko`rsatish uchun tegishli tashkilotlar bilan doimiy aloqa o`rnatildi.






