AsosiyJamiyat

O`qituvchilarni obunaga majburlagan maktab direktori vazifasidan ozod etildi

'O`qituvchilarni obunaga majburlagan maktab direktori vazifasidan ozod etildi'ning rasmi

O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Toshkent viloyati Yangiyo`l tumanidagi 10-umumiy o`rta ta`lim maktabi o`qituvchilarini obunaga majburlanayotganlik holati o`rganildi. Mazkur jarayonda maktab direktori Shavkatjon Rizaev har bir pedagog xodimga joriy yilning yanvar oyi ish haqini naqd pul ko`rinishida olishlarini ma`lum qilib, ularni obunaga majburlagani aniqlandi. Bu harakatlari bilan u o`z lavozim majburiyatlarini takroriy ravishda buzgan.

Ma`lum bo`lishicha, 2018 yilning 28-29 dekabr kunlari Vazirning Huquqiy-nazorat Xizmati xodimlari mazkur maktabning ayrim o`qituvchilari lavozim vazifalariga zid bo`lgan aholini ro`yxatga olish ishlariga jalb etilganliklarini aniqlab, o`z lavozim majburiyatlariga mas`uliyatsizlik bilan yondashgani uchun 10-umumiy o`rta ta`lim maktabi direktoriga O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-qismiga asosan tegishli chora ko`rilgan edi. Lekin maktab rahbari o`ziga berilgan intizomiy jazodan tegishli xulosa chiqarmay, takroran 2019 yil uchun 8 turdagi jurnallar obunasiga o`qituvchilardan pul yig`ishni tashkillashtirgani ma`lum bo`ldi.

O`rganish natijasiga ko`ra Toshkent viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi boshlig`ining buyrug`iga asosan direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

    Boshqa yangiliklar