O`zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan bo`lajak FIFA kunlaridan unumli foydalanib, milliy terma jamoamiz uchun o`rtoqlik o`yinlari tashkil qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Ektor Kuper boshchiligidagi O`zbekiston milliy terma jamoasi "China Cup" musobaqasida qatnashadi. Mazkur musobaqa 18-26 mart oralig`ida Xitoyning Guansi shahrida bo`lib o`tadi. Ushbu xalqaro turnirda Urugvay, Xitoy, Tayland kabi terma jamoalari ishtirok etadi.
O`FA matbuot xizmati xabariga ko`ra, qur`aga ko`ra O`zbekiston terma jamoasi Tayland bilan, Xitoy esa Urugvay bilan to`p suradi.
Ikkinchi o`yinda dastlabki juftliklar g`oliblari o`zaro kuch sinashadi. Shuningdek, birinchi o`yinda mag`lub bo`lgan jamoalar ham bir biri bilan yana bitta o`yin o`tkazadi.
Ma`lumot uchun, "China Cup" musobaqasi ikki yildan beri o`tkazib kelinmoqda. 2017 yil musobaqada Chili, Islandiya, Xorvatiya va Xitoy qatnashgan. Chili terma jamoasi g`olib chiqqan.
2018 yilda mazkur turnirda Urugvay, Uels, Chexiya va Xitoy ishtirok etdi. Urugvay terma jamoasi g`olibga aylandi.






