AsosiySport

Iroda To`laganova O`zbekiston tennis federasiyasi bosh kotibi bo`ldi

'Iroda To`laganova O`zbekiston tennis federasiyasi bosh kotibi bo`ldi'ning rasmi

Milliy olimpiya qo`mitasida O`zbekiston tennis federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, O`zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Komiljon Xudoyberganov, O`zbekiston tennis federasiyasi mutasaddilari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Konferensiya kun tartibidan o`rin olgan eng asosiy masala federasiyaga bosh kotib saylashdan iborat edi. Shuni inobatga olgan holda yig`ilish ishtirokchilarga o`zbek tennisining yorqin vakillaridan biri, bugungi kunda O`zbekiston ayollar terma jamoasi sardori sifatida faoliyat olib borayotgan Iroda To`laganova nomzodi ilgari surildi. Yig`ilish ishtirokchilari bir ovozdan ko`rsatilgan nomzodni qo`llab-quvvatlashdi. Shu tariqa, Iroda To`laganova O`zbekiston tennis federasiyasi bosh kotibi lavozimiga saylandi.

“Avvalambor bildirilgan ishonch uchun minnatchilik bildirmoqchiman. Federasiyamiz raisi, bosh kotibiga ham rahmat. Aynan ularning qo`l ostida men Iroda To`laganova sifatida tanilganman. Bungacha ular tomonidan katta hajmdagi ish olib borilgan. Menga ishonganingiz uchun rahmat. Federasiyamiz rivojlanishi uchun qo`ldan kelgan barcha ishni qilaman”, – dedi Iroda To`laganova.

Ma`lumot uchun, Iroda To`laganova 1982 yilning 7 yanvarida tavallud topgan. Tennischilik faoliyati davomida yakkalik bahslarida 3 ta WTF, 3 ta ITF turnirlarida g`alaba qozongan. Jahon reytingida 16-o`ringacha ko`tarilgan. “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali sohibasi.

Konferensiya davomida bungacha federasiyada 20 yildan ortiq vaqt davomida bosh kotib sifatida faoliyat olib borgan Igor Shepelevga minnatdorchilik bildirildi va o`zbek tennisi rivoji yo`lida amalga oshirgan ishlari alohida qayd etildi. Shuning bilan O`zbekiston tennis federasiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi yakuniga etdi.

    Boshqa yangiliklar