O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligidan ma`lum qilishlaricha, 9 ming 988 hujjatsiz bola aniqlangan va ularning 7 ming 712 nafari ayni paytda shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo`lgan. Qonuniy nikohsiz yashab kelgan 10 ming 24 oilaning 6,5 mingga yaqini nikohi rasmiylashtirilgan; 75 ming 242 nafar yurtdoshimizga o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqi berilgan.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organlari tizimida o`tkazilgan o`rganishlar mamlakatimiz demografik statistikasida katta xatolar borligini ko`rsatdi. Yurtimizning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan aholi hamon tug`ilgan chaqaloqlarini ro`yxatdan o`tkazish, nikohni rasmiylashtirishga befarq qarab kelmoqda. Qayd etilmagan hujjatlarning 90 foizga yaqini tug`ilish va nikoh haqidagi guvohnomalar hissasiga to`g`ri kelgan.
Yuridik nuqtai nazardan mazkur hujjatlarning mavjud emasligi fuqarolarni qonuniy huquq va erkinliklaridan mahrum qiladi. Masalan, tug`ilganlik to`g`risidagi guvohnomasi bo`lmasa, shu shaxsni yo`q, deb hisoblasa bo`ladi. Axir, guvohnomasiz bolani bog`chaga rasmiylashtirib yoki maktabga berib bo`lmaydi.
Davlat xizmatlari agentligi va joylardagi FHDYo bo`limlari xodimlari uyma-uy yurib, muammolarni bartaraf etmoqda. Natijada 9 ming 988 nafar hujjatsiz bola aniqlandi. Ularning 7 ming 712 nafari ayni paytda shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo`ldi. Qolganlari ko`rib chiqilmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari qayd etganidek, birorta bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas. Tug`ilganlikning qayd etilishi bola huquqlari ro`yobga chiqarilishining va fuqarolik bo`lmasligi oldini olishning huquqiy asosidir.
Qonuniy nikohsiz yashab kelgan oilalarni o`rganish natijasida 10 ming 24 shunday oila aniqlanib, qariyb 6,5 mingga yaqin oilada nikoh rasmiylashtirilgan.
Bu jarayonda Davlat xizmatlari agentligi xodimlari aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ham alohida e`tibor qaratmoqda. Agentlikda 1148 raqamli “Ishonch telefoni“ ishlab turibdi.
Fuqarolik holatlari dalolatnomalari o`z vaqtida qayd etilmaganligini aniqlash bo`yicha o`tkazilayotgan inventarizasiya tadbirlari 2019 yil 1 iyulga qadar davom etadi.
Agentlik tomonidan o`tkazilayotgan yana bir ijtimoiy aksiya – bu o`zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarni qonuniylashtirishdir. Davlat idoralari, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat vakolatli organlarining beparvoligi sababli uy-joyga ega bo`lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo`lishiga qaramasdan, minglab fuqarolar ko`p yillar davomida o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalarida uy-joylarni noqonuniy barpo etishgan.
Uy-joy uchun zarur hujjatlarning mavjud emasligi aholi o`rtasida boshqa ijtimoiy muammolar kelib chiqishiga sabab bo`lmoqda. Chunki bu yashab turgan joyida ro`yxatdan o`tish, mulk huquqiga ega bo`lish va uni amalga oshirish imkoniyati mavjud emasligiga olib keladi.
Bu muammoning echimini topish maqsadida Prezident farmoni va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan. Shunga ko`ra, 2019 yil 1 mayga qadar fuqarolarning o`zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalari yoki tegishli ruxsatsiz qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi e`lon qilindi.
2019 yil 1 fevralga qadar 75 ming 242 nafar yurtdoshimiz o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga egalik huquqini qo`lga kiritdi.






