Davlat bojxona qo`mitasining Toshkent viloyati va Toshkent shahri bo`yicha boshqarmalari hamda “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining bir qator bojxona postlarida ilk marotaba “Front-ofis”lar faoliyat boshladi.
Mazkur loyihani amalga oshirish Prezidentimizning 2018 yil 24 noyabdagi “Bojxona ma`muriyatchiligini takomillashtirish va O`zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmonida nazarda tutilgan edi.
“Front-ofis”lar faoliyat yuritishi uchun bojxona postlari alohida ish joylari, kompyuter texnikalari va boshqa zarur anjomlar bilan ta`minlandi. Tanlov asosida 60 ga yaqin “Front-ofis” xizmatchisi saralab olindi.
Ushbu loyihani ishga tushirish jarayonida Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya va Belarus kabi davlatlarning tajribalari chuqur o`rganildi.
“Front-ofis”lar tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirish bo`yicha bepul asosda xizmat ko`rsatuvchi maxsus shaxslar guruhi bo`lib, ular hududiy bojxona boshqarmalari bilan tuzilgan fuqarolik-huquqiy shartnomasi asosida faoliyat ko`rsatadi.
“Front-ofis” xizmatchilari asosan tadbirkorning murojaatlari asosida bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirish va tadbirkorga o`z vakolati doirasida bojxona to`g`risidagi qonun hujjatlari talablarini tanishtirish bilan shug`ullanadi.
Bu jarayonda ularga bojxona nazorati zonasiga kirish, bojxona masalalari bo`yicha bojxona xodimlaridan belgilangan tartibda maslahatlar va ma`lumotlar olish huquqiga ham ega.
Endi tadbirkor bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirish uchun to`g`ridan-to`g`ri “Front-ofis” xizmatchilariga murojaat qilib, bu jarayonda zarur bo`ladigan hujjatlarni, shuningdek, tovar kodlari hamda bojxona qiymati to`g`risida ma`lumotlarni taqdim etsa bo`ldi, ish osonlashadi.
Bunda “Front-ofis” xizmatchisi deklarasiyani elektron dasturda to`ldiradi. So`ngra tadbirkor tayyor deklarasiyani o`zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlagan holda tegishli axborot tizimi orqali bojxona organlariga taqdim qiladi.
2018 yilning 1 iyuliga qadar boyujxona yuk deklarasiyalarini faqatgina tegishli malaka attestatiga ega bo`lgan bojxona rasmiylashtiruvi bo`yicha mutaxassislargina to`ldirish va bojxona organlariga taqdim qilish huquqiga ega edi.
2018 yilning 1 iyulidan boshlab tadbirkorlarga ham mustaqil ravishda bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirish va bojxona organlariga taqdim qilish huquqi berildi. “Front-ofis”lar faoliyati tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, biznes vakillari uchun ayni muddaodir.
“Front-ofis” xizmatchilari tomonidan ko`rsatiladigan xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida ularning Davlat bojxona qo`mitasi Bojxona institutida 1 oylik o`quv kurslarida malaka oshirishi ham nazarda tutilgan.
Dastlabki loyiha doirasida bojxona yuk deklarasiyasini to`ldirish uchun taqdim etilgan ma`lumot va hujjatlar haqqoniyligi uchun javobgarlik tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga yuklanadi.
Loyiha natijalariga qarab, keyinchalik boshqa hududiy bojxona boshqarmalarida ham joriy etilishi nazarda tutilgan.






