2019 yil 2 fevraldan boshlab, Toshkent-Buxoro-Toshkent yo`nalishida yo`lovchilarning uzog`ini yaqin qilayotgan “Afrosiyob”yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poezdlari Jizzax vokzalida 2 daqiqa to`xtashi yo`lga qo`yildi. Bu haqida “O`zbekiston temir yo`llari“ aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati xabar berdi.
"Mazkur zamonaviy poezdlar harakat jadvaliga o`zgartirish kiritishdan ko`zlangan asosiy maqsad, mamlakatimizda turizmni yanada rivojlantirish, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar hamda investorlarga keng qulayliklar yaratish, qolaversa barcha yo`lovchilarga sifatli transport xizmatlarini ko`rsatish, bundan tashqari ko`p sonli yo`lovchilarning talab va istaklarini amalga oshirishdir", - deyiladi xabarda.
Ma`lumot o`rnida: 2 fevraldan boshlab, Toshkent-Buxoro yo`nalishida harakatlanadigan № 762 “Afrosiyob” zamonaviy poezdi harakat jadvaliga o`zgartirish kiritildi. Tezyurar poezd Toshkent vokzalidan soat 07.28 da harakatini boshlaydi va Jizzax vokzaliga soat 08. 54 da kirib borib, soat 08. 56 da harakatini davom ettiradi. Samarqand vokzaliga esa soat 09.42 da kirib borib, 09. 50 da harakatlanadi. Navoiy vokzaliga esa soat 10.40 da to`xtaydi va 2 daqiqadan so`ng harakatini davom ettirib, soat 11.19 da Buxoro vokzaliga etib boradi.
Shuningdek, Buxoro-Toshkent yo`nalishida harakatlanadigan № 761 “Afrosiyob” zamonaviy poezdi Buxoro vokzalidan soat 15.50 da harakatini boshlaydi. Soat 16. 27 da Navoiy vokzaliga kirib keladi va soat 16.29 da harakatini davom ettiradi. Samarqand vokzaliga soat 17. 20 da etib kelib, soat 17. 28 da harakatini boshlaydi. Jizzax vokzaliga esa soat 18.14 da kirib kelib, ushbu vokzaldan soat 18.16 da harakatini davom ettiradi va poezd soat 19. 44 da Toshkent markaziy vokzaliga etib keladi.






