Ma`lumki, davlat organlarining ochiqligi, shaffofligi, xalqni ularning zimmasiga qo`yilgan vaziflarni qanday darajada bajarayotganligini bilishdajuda muhim.
Davlat tashkilotlarining ochiqligi va shaffofligi barcha rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda jiddiy e`tibor berilayotgan masala hisoblanadi.
Mamlakatimizda ham bunga jiddiy e`tibor berilmoqda. Rahmatli muhtaram birinchi Prezidentimiz qabul qilgan konsepsiya asosida 2014 yilda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida» Qonun qabul qilingan edi.
Hozirda davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoev tomonidan bu masalaga jiddiy e`tibor berilmoqda.
O`ziga ishongan ochiq bo`ladi, o`ziga to`g`ri shaxs hech narsadan cho`chimaydi. Bu fikrimcha tashkilotlar va ularning rahbariyatiga ham taalluqli desak bo`ladi.
O`tgan yilning yozida e`lon qilingan davlat organlarining ochiqligi reytingida Adliya vazirligi mutloq ustunlik bilan eng ochiq davlat organi deb e`lon qilingan edi. Uning bu ko`rsatgichi shubhasiz va savolga o`rin qoldirmaydigan darajada. Bu borada biror kishi bahslasha olmasa kerak. Haqiqatda bu tashkilot 2017 yildan boshlab butunlay boshqacha axborot siyosati olib bora boshladi.
Bu vazirlik tomonidan Prezidentimiz da`vatlariga javob tariqasida, olib borilayotgan siyosatni qo`llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko`lamli axborot tadbirlari, huquqiy targ`ibot aksiyalari amalga oshirildi.
Bir qator xorijiy mamlakatlarda bo`lgan fuqaro sifatida ham aytish mumkinki Adliya vazirligining axborot makonida o`zini tutishi qoyilmaqom darajada. O`ziga qaratilgan «hujumlarga» etarlicha ta`sirchan javob bera oldi. Hatto vazirlikning bilvosita obro`sizlantirishi mumkin bo`lgan axborot tarqatganlar bilan ham juda chiroyli ma`rifiy tarzda hisoblashdi. Vazirlik sha`niga asossiz gaplar tarqatgan blogerning uzr so`raganligining guvohi ham bo`ldik.
Vazirlik jamoasi chamamda o`zini ochiq tutish ayni paytda korrupsiyaga qarshi, xalqni roziligini olish borasida eng muhim omil ekanligini juda yaxshi biladi.
Vazirlik tomonidan e`lon qilingan «Ochiq adliya” (“Open Justice”) dasturi va ushbu dasturni amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi ayni paytda kutilgan va kutilmagan qadam bo`ldi. Kutilganligining boisi buni qonuniyat, tabiiylik, izchillik bilan izohlash mumkin, ya`ni lider liderga xos ish qiladi. Kutilmagan deyshimizning sababi esa loyiha misli ko`rilmagan qadam, uning bajarilishi vazirlikdan juda katta mas`uliyat talab qilishi bilan birga, ayrim g`araz kuchlar tomonidan salbiy maqsadlarda ishlatilishiga olib kelishi mumkin. Shundoq ham ochiqlik borasida ayrim evropa davlat tashkilotlaridan orqada qolmaydigan bu vazirlikning qayd etilgan loyihani amalga oshirishi uni shaffoflik bo`yicha xalqaro standartlarga javob beradigan vazirlikka aylantiradi.
Uylaymizki vazirlik dastur loyihasini xalq bilan muloqot uchun taqdim qilar ekan, xalqqa sidqidildan xizmat qilishni rejalashtirgan, piar yurishni emas. Darvoqe hamma narsani vaqt ko`rsatadi. Lekin hozircha adliya bizni yana bir marta hayratalantirdi. Va eng muhimi boshqa vazirliklar va idoralarni shunday qadam bosishga amaliy da`vat etdi.
Barchasi uchun rahmat va tanqidlarga tayyor turing hurmatli adliyadagilar.
Ahmadjon Sobitov






