AsosiyJamiyat

O`zbekiston yana 2 ta "Talgo" va 2 ta "Boeing 787 Dreamliner"ni xarid qiladi

'O`zbekiston yana 2 ta "Talgo" va 2 ta "Boeing 787 Dreamliner"ni xarid qiladi'ning rasmi

Prezidentimizning “O`zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni bilan 2019-2025 yillarda O`zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Mazkur konsepsiyaga muvofiq yo`lovchilar tashuvini rivojlantirish, doimiy transport qatnovini yo`lga qo`yish va qulay tutash bog`lamalarini tashkil etish bo`yicha maqsadli loyihalar ishlab chiqiladi. Turizm markazlarini birlashtiruvchi yangi avtomobil yo`llarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishdagi samarali ishlanmalar hayotga joriy etiladi.

O`zA muxbiri bilan suhbatda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi v.b. Abdulaziz AKKULOV bilan bu borada amalga oshirilishi ko`zlangan ishlarga atroflicha to`xtaldi.

— Mamlakatimiz hududlari o`rtasida aviaqatnovlarni rivojlantirish maqsadida "FlyDubai" aviakompaniyasi bilan kelishuvlarga erishilgan. Chunonchi, kompaniya joriy yilning 11 martidan yurtimizga aviaqatnovlarni amalga oshira boshlaydi. Shuningdek, ushbu sohadagi manfaatli kelishuvlarga erishish bo`yicha yana 10 dan ortiq aviakompaniya bilan muzokara olib borilmoqda, – dedi A.Akkulov. – Yangi temir yo`l liniyalarini qurish, mavjudlarini takomillashtirish, yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi elektropoezdlardan foydalanishni kengaytirish sifatli transport xizmatlarini ko`rsatishni ta`minlaydi. Shu maqsadda “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati Ispaniyaning "Talgo" kompaniyasida ishlab chiqariladigan yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlardan yana 2 tasini xarid qilishni rejalashtirgan.

Shuningdek, 2 ta yangi avlod samolyoti – "Boeing 787 Dreamliner"ni xarid qilish, “Toshkent-Sharqiy” zamonaviy aeroportini qurish, “Andijon – Savay – Xonobod” temir yo`l uchastkasini modernizasiya qilish, Toshkent metropolitenining Yunusobod, Sirg`ali va Toshkent shahri aylanma er usti qismining birinchi bosqichini qurish ishlari amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, mintaqaviy transport aloqalarini rivojlantirishda mamlakatimizga loukosterlar jalb etilib, avia va temir yo`l qatnovlari oshiriladi, respublika hududlari va mintaqa davlatlari o`rtasida muntazam avtobus, temir yo`l va aviaqatnovlari joriy etiladi.

    Boshqa yangiliklar