AsosiyJamiyat

Ko`p tarmoqli "Xumo Arena" muz saroyi qachon ishga tushadi? (foto)

'Ko`p tarmoqli "Xumo Arena" muz saroyi qachon ishga tushadi? (foto)'ning rasmi

Bugun mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylangan.

Hozir yurtimizning qay bir go`shasiga bormang, yangi, zamonaviy imorat va inshootlar barpo etilayotganiga guvoh bo`lasiz. Poytaxtimizning qoq markazida qurilayotgan ko`p tarmoqli “Xumo” muz saroyi ham shunday maskanlardan biridir, deb yozmoqda O`zA.

O`zbekistondagi birinchi muz saroyi

photo5368640100331792961.jpg

O`zbekistondagi birinchi muz saroyi 1970 yilda barpo etilgan bo`lib, “Yubileyny” nomi bilan yuritilgan bu maskanda Toshkentning “Binokor” xokkey jamoasi hamda figurali uchish ustalari mashg`ulotlar olib borish imkoniyatiga ega bo`lishgan. “Binokor” jamoasi esa xokkey bo`yicha Sobiq Ittifoq birinchiliklarida ishtirok etgani, mamlakatimizdan o`sha yillari ajoyib figurali uchish ustalari etishib chiqqanini yoshi katta yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi. Afsuski o`tgan asrning 90-yillarida, ya`ni sho`rolar hukumati parokandalikka yuz tutgan bir paytda ushbu maskan egasiz va qarovsiz holatda qoldi. Shundan so`ng faoliyatini to`xtatishga majbur bo`ldi.

Qurilish ishlari qay darajada?

1.jpg

Mamlakatimizda ko`p tarmoqli “Xumo” muz saroyini barpo etish g`oyasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevga tegishli bo`lib, majmuani qurish ishlari 2017 yilning yanvar oyidan boshlangan. Bugungi kunda ko`p tarmoqli “Xumo” muz saroyida qariyb 80-85 foizlik ishlar bajarib bo`lingan. Agar hammasi risoladagidek ketadigan bo`lsa, quruvchilar ushbu muhtasham sport majmuasini bahorning ilk oyida foydalanishga topshirishi kutilmoqda. Shu maqsadda majmuada 300ga yaqin ishchi ikki smenada mehnat qilmoqda.

Aslida loyihani 2018 yilning oxirida yakunlash rejalashtirilgan edi. Biroq, ba`zi sabablarga ko`ra qurilish ishlari cho`zilmoqda. Muhimi – quruvchilar shoshma-shosharlikka yo`l qo`yib, “mendan ketguncha, egasiga etguncha”, qabilida ish yuritib, inshootni sifatsiz holda foydalanishga topshirishga intilmayapti, aksincha, har jihatdan pishiq va asosiysi xalqaro talablarga javob beradigan qilib qurishga harakat qilishyapti.

Nega majmua “Xumo” deb nomlandi?

photo5368640100331792967.jpg

Loyihachilar inshoot dizaynini yaratishda o`zbek xalq ertaklaridagi sevgi-muhabbat, baxt va hurlik ramzi – Xumo qushiga e`tibor qaratishgan. Loyihaga ko`ra sayohat yo`lakchalari dizayni Xumo qushining qanotlariga o`xshatib quriladi. Yuqoridan qaraganda majmua shu afsonaviy qushni eslatib yuboradi. Shu bois ko`p tarmoqli muz saroyiga “Xumo Arena” nomi berildi.

Muz saroyida yana qaysi sport turlari o`ynalishi mumkin?

photo5368640100331792963.jpg

Savol tug`ilishi mumkin: nega majmua ko`p tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyi, deb nomlangan? Majmuaning bosh arenasi qishki sport turlaridan bo`lmish xokkey, figurali uchish, short-trek, kyorling bo`yicha musobaqalarni o`tkazishga mo`ljallangan. Bu sport turlari muz ustida o`ynaladi. Shu bilan birga ushbu arenada sportning basketbol, voleybol, gandbol, futzal, qolaversa boks va taekvondo yo`nalishlari bo`yicha ham musobaqalar o`tkazish mumkin. Muz ustida bu sport turlari qanday o`ynalishi sizni taajjublantirayotgan bo`lishi tabiiy. Ajablanishga hojat yo`q, buning yo`li juda oson. Muz maydoni ustiga maxsus qoplama, ya`ni gilamga o`xshash mato to`shaladi. U muzga shikast etishining oldini oladi. Keyin esa maydon ustiga o`yin turlari uchun maxsus parket, boks uchun ring yoki taekvondo dayanini to`shash hamda musobaqani o`tkazish mumkin. Qolaversa xuddi shu usulda konsert sahnasi qurish va tomosha ko`rsatish imkoniyati ham mavjud. Shuning uchun ham majmua ko`p tarmoqli muz saroyi, deb yuritiladi.

“Xumo Arena”ning imkoniyatlari

20171228_HumaArena_camTop1111_.jpg

Majmuaning bosh arenasi 12 500 tomoshabinni o`z bag`riga sig`dira oladi. Shuningdek, bu majmuada 300 o`ringa mo`ljallangan kichik arena, ya`ni mashg`ulotlar maydoni ham barpo etiladi. Kichik arena asosan qishki sport turlari bilan shug`ullanish uchun mo`ljallangan. Darvoqe, har ikki muz maydonining o`lchamlari 60×30 metrni tashkil qilib, bu Olimpiya talablariga to`liq javob beradi.

Ko`p tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyi er ostida bitta va er ustida oltita qavatdan iborat bo`lib, umumiy maydoni 82 250 m²ga teng. Binoning balandligi esa 40 metrni tashkil etadi. Majmuaning er osti qavatidan ishchi-xodimlar uchun echinish va yuvinish xonalari o`rin oladi. Ushbu majmua o`z ichiga sport muzeyi, trenajyor zallari, fitnes-markazni ham qamrab olishi ko`zda tutilgan. Bundan tashqari, majmuada tomoshabinlar uchun barcha qulayliklar muhayyo etiladi. Buerga kelgan yurtdoshlarimiz yoki xorijlik mehmonlar uchun sport do`koni, yopiq bolalar maydonchasi, bufet va restoranlar, tibbiyot xonalari, hojatxonalar xizmat ko`rsatadi. Shuni ta`kidlash joiz, umumiy xizmat ko`rsatish maskanlari har bir qavatda barpo etiladi.

Yana bir e`tiborga molik jihat, ko`p tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyiga shaxsiy avtoulovida keladigan mehmonlar mashinasini qaerga joylashtirish borasida g`am chekishiga hojat yo`q, chunki bu erda qariyb 1 500 ta avtomobilga mo`ljallangan avtoturargoh ham barpo etiladi.

Sir emaski, yurtimizda yilning aksariyat paytida havo issiq bo`ladi, ayniqsa yozning jaziramasida harorat qariyb 50 darajaga ko`tariladi. Xo`sh, bunday paytda “Xumo Arena” muz maydoni muzli qoplama qanday ushlab turiladi? Ma`lumki, suv 0 darajada muzlaydi, uning yanada jipslashishi uchun esa harorat 0 darajadan past bo`lishi kerak. Ushbu majmuada muz qoplamasi erib ketmasligi uchun havo harorati -6 daraja atrofida ushlab turiladi. Shunday ekan, yozning issiq kunlarida farzandingizni “Xumo Arena” muz saroyiga olib borsangiz, qalinroq kiyinib olishni maslahat beramiz.

Xorijiy hamkorlar borasida

Ko`p tarmoqli “Xumo Arena” muz saroyi qurilishida o`ndan ortiq xorijiy firma va kompaniyalar bilan hamkorlik qilinmoqda. Jumladan, majmuaning muz maydonini qurish ishlariga “Proftexnology” kompaniyasi mas`ul sanalsa, binoning fasad qismi Germaniyaning “Zambila” kompaniyasi tomonidan barpo qilinmoqda. Shuningdek, bino qurilishida dunyoga mashhur Avstriyaning “Oberhofer”, Rossiyaning “Brig” hamda “Pi Arena”, Ispaniyaning “Euro Seating” kabi kompaniya va firmalari o`z xizmat turlari bilan qatnashmoqda.

3.jpg

4.jpg

5.jpg

6.jpg

9.jpg

10.jpg

11.jpg

12.jpg

    Boshqa yangiliklar