AsosiyJamiyat

Navoiyda xususiy bog`cha ochish bahonasida firibgarlik qilganlar ushlandi

'Navoiyda xususiy bog`cha ochish bahonasida firibgarlik qilganlar ushlandi'ning rasmi

Uchquduq tumanida xususiy maktabgacha ta`lim muassasasi ochib, noqonuniy daromad topmoqchi bo`lganlarning nayranglari fosh etildi. Bu haqda «Xalq so`zi» xabar berdi.

Uchquduqlik tadbirkor Gullola Xo`jaeva (ism-shariflar shartli) tumanda xususiy bog`cha faoliyatini yo`lga qo`yishni niyat tutib, hujjatlarni rasmiylashtirish bilan birga muassasa uchun kadrlar topish ishlarini ham birvarakayiga boshlab yubordi.

— Ish axtarib yurgan tanishlaring bo`lsa gaplashaver, faqat ishonchli bo`lsin, — dedi u tanishi Gulasalga.

Ikkovlon hali qurilishi rejalashtirilayotgan muassasada yaratilajak 16 ta ish o`rnining «stavka»larini o`rnatib oldi. Unga ko`ra oliy ma`lumotli tarbiyachilar «bepul», o`rta ma`lumotli yordamchi tarbiyachi, oshpaz va texnik xodimlarning «stavka»si 3 milliondan 4 million so`mgacha belgilandi.

Bandlik muammosi Uchquduqqa ham dolzarb. Tumanning o`nlab yoshlari qatori Xurshida ham ish axtarayotgan edi.

— Senbop ish bor, xarajatidan qochmasang bo`ldi, — dedi unga Gulasal. — 4 million so`m ketadi. Oliy ma`lumotli bo`lganingda boshqa gap edi.

Savdo 3 million 800 ming so`mga pishib, pul ertaga keltirilishiga kelishildi. Biroq Gullolaning sabri chidamadi.

— Bugun kechqurun kelishilgan pulni olib kelmasang, o`rningga boshqa odam olarkan, — dedi shartni Xurshidaga etkazgan Gulasal.

Xurshida huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi. «Qadrdonlar» ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.

Ularning har ikkisiga jinoyat ishlari bo`yicha Uchquduq tuman sudi hukmi bilan eng kam oylik ish haqining 40-50 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar