Germaniya poytaxti Berlin shahrida bo`lib o`tayotgan “Yashil haftalik – 2019” xalqaro ko`rgazmasida “O`zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi vakillari ishtirok etmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
Dunyoning 70 mamlakatidan 1 ming 600 dan ortiq ishtirokchi qatnashayotgan mazkur ko`rgazmada mamlakatimiz vakillari ishtirok etmoqda. Ko`rgazma doirasida tashkil etilgan “O`zbekiston stendi“da yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, sanoat va ishlab chiqarish sohalaridagi imkoniyatlari namoyish etilmoqda. Xususan, milliy stenddan o`rin olgan “O`zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otmoqda.
Berlinda 1926 yildan buyon o`tkazib kelinayotgan ushbu ko`rgazmani o`tkazish an`anaga aylangan. Ko`rgazmani tashkil etish orqali turli davlatlardagi yirik kompaniyalarning oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan qator loyihalari muhokama qilinadi. Shu orqali davlat va xususiy kompaniyalar o`rtasida o`zaro manfaatli hamkorlikka oid kelishuvlar imzolash uchun zamin yaratiladi.

Bu galgi ko`rgazmada dunyoning 1 ming 700 kompaniya va firmalari o`zlarining 100 mingdan ziyod turdagi mahsulotlarini taqdim etib, qishloq xo`jaligi sohasidagi zamonaviy texnikalarni namoyish etmoqda.
“O`zdonmahsulot” ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etish orqali hamkorlikka oid qator kelishuvlarni imzolash hamda soha taraqqiyoti uchun manfaatli shartnomalarga erishishni maqsad qilgan, deyiladi xabarda.
Ko`rgazma 27 yanvarga qadar davom etadi.






