Joriy yilning 26 yanvar kuni mamlakatimizda umumxalq ekologik xayriya hashari o`tkazilishi haqida xabar bergan edik.
Bugungi kunda Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida shamol natijasida yuzaga keladigan kuchli qum, tuz va chang bo`ronlari ta`sirini kamaytirish hamda mintaqada ekologik ahvolni yaxshilash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida trast jamg`armasi tashkil etildi.
Orolbo`yidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslar va sa`y-harakatlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha joylardagi jamoatchilik vakillarining takliflarini hisobga olib mintaqada ekologik holatni va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida umumxalq ekologik xayriya hashari o`tkaziladi.
Xayriya hashari davomida mahallalar, aholi punktlari, ko`p qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, ko`chalar tartibga keltiriladi.
Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22 yanvardagi farmoyishida qayd etilgan.
Umumxalq ekologik xayriya hasharidan tushgan mablag`lar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya o`rmonlari tashkil etish, mintaqada ekologik holatni va aholining yashash sharoitini yaxshilash, kam ta`minlangan, boquvchisini yo`qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish ishlariga sarflanadi.






