"Andijon-farm" erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to`g`risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan, Andijon tumanida "Andijon-farm" erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
"Andijon-farm" EIZning asosiy vazifasi farmasevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish uchun Hindiston kompaniyalarining to`g`ridan-to`g`ri investisiyalari va ilg`or texnologiyalarini jalb etish hisoblanadi.
"Andijon-farm" EIZning faoliyat muddati 30 yil bo`lib ushbu muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi.
Ushbu zona ishtirokchilari quyidagilardan ozod etiladi:
- er solig`i, daromad solig`i, yuridik shaxslar mulk solig`i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to`lovlaridan;
- chetdan keltiriladigan qurilish materiallari bojxona to`lovlaridan;
- chetdan keltiriladigan asbob-uskunalar, xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar uchun bojxona to`lovlaridan.
2019 yilda "Andijon-farm" EIZ to`g`risida Hindiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlarda taqdimot o`tkaziladi.






