16 yanvar kuni Samarqand shahridagi 51-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabi maktabga nemis faylasufi, tilshunos olim Vilhelm fon Xumboldt nomi berildi.
O`tkazilgan tantanali marosimda O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vaziri o`rinbosari S.Boboxo`jaev, Germaniyaning xorijdagi maktablari markaziy boshqarmasi muvofiqlashtiruvchisi Barbara Damboldt, Samarqand viloyati va shahar hokimligi mas`ul xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O`zA.
Nemis tiliga ixtisoslashgan ushbu maktabda 2 ming 260 nafar o`quvchi tahsil olmoqda va muassasada 2001 yildan buyon nemis tili chuqurlashtirilgan holda o`qitiladi.
115 nafar pedagog-murabbiylar saboq berayotgan maktab o`quvchilari respublika va xalqaro miqiyosda o`tkaziladigan fan olimpiada va tanlovlarda muntazam qatnashib, yuqori o`rinlarni egallab kelmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 20-22 yanvar kunlari Germaniya Federativ respublikasiga amalga oshiradigan rasmiy tashrifi arafasida maktabga bunday nom berilishi davlatlarimiz o`rtasida ilm-fan, ta`lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta`kidlandi.
Barbara Damboldt maktab ta`lim jarayonlari bilan tanishib, bu erda o`qituvchi va o`quvchilar uchun zamon talablari darajasida sharoit yaratilganini qayd etdi. O`quvchilar bilan muloqotda bo`lib, ularning zehni, dunyoqarashi kengligi va nemis madaniyati haqida boy tasavvurga ega ekanliklaridan xursandligini bildirdi.






