AsosiySiyosat

Samarqandda Abdulaziz Komilov Qozog`iston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

'Samarqandda Abdulaziz Komilov Qozog`iston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi'ning rasmi

2019 yilning 12 yanvar kuni Samarqand shahrida O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg`oniston ishtirokida «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqotining birinchi vazirlar uchrashuvi doirasida Qozog`iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Beybut Atamqulov bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Mehmonni qutlar ekan, Abdulaziz Komilov Beybut Atamqulovni yuqori va mas`uliyatli Qozog`iston TIV rahbari lavozimiga tayinlangani bilan tabrikladi va unga muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat chog`ida vazirlar tomonidan qayd etilganidek,O`zbekiston va Qozog`iston prezidentlarining Ostona, Samarqand va Sariagashda, xalqaro tashkilotlar tadbirlari chog`ida o`tkazilgan uchrashuvlari ko`p qirrali O`zbekiston-Qozog`iston munosabatlariga yangi jo`shqinlik berdi.

2018 yilda o`tkazilgan Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi majlislari, birinchi hududlararo hamkorlik forumi va boshqa muhim qo`shma tadbirlar ikki tomonlama hamkorlikni amaliy jihatdan mustahkamlashga imkon berdi.

Shu bilan birga, O`zbekiston va Qozog`iston hamkorlikni kengaytirish, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy, investision, transport-kommunikasiya sohalarida aloqalarni mustahkamlash uchun ulkan salohiyatga ega ekanligi ta`kidlandi. Xususan, o`tgan yilning 11 oyi mobaynida o`zaro savdo hajmi 38 foizga oshib, 2,6 milliard AQSh dollaridan ko`proqni tashkil etgani bundan dalolat beradi. Hududlararo munosabatlar, ikki mamlakat chegaraoldi viloyatlari o`rtasida bevosita aloqalar o`rnatish sohasida foydalanilmagan salmoqli imkoniyatlar mavjud.

Muzokarada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Toshkentda bo`lib o`tadigan Maslahatlashuv uchrashuviga tayyorgarlik ko`rish va unda Qozog`iston delegasiyasi ishtirokiga doir masalalar muhim o`rin egalladi.

Shuningdek, tinchlik va barqaror rivojlanishni ta`minlash, turizm va madaniy-gumanitar sohalaridagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari bilan bog`liq ikki tomonlama va mintaqaviy masalalar ko`rib chiqildi.

Vazirlar «Qozog`istonda O`zbekiston yili»ning muvaffaqiyatli yakunlarini mamnuniyat bilan qayd etdi va 2019 yili «O`zbekistonda Qozog`iston yili»ni o`tkazishga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashdi.

    Boshqa yangiliklar