AsosiyJamiyat

​Andijonda ajrashish yoqasida turgan 24 oila yarashtirildi ​

'​Andijonda ajrashish yoqasida turgan 24 oila yarashtirildi ​'ning rasmi

Andijonda notinch oilalardagi muammo va nizolarni bartaraf etish, ajrimlar oldini olish, ajrashish yoqasida turgan oilalarni yarashtirish masalalariga bag`ishlangan tadbir bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`zA.

Unda viloyat, tuman va shahar xotin-qizlar qo`mitalari, fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar, mahalla fuqarolar yig`inlari raislari, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo`yicha mutaxassislar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, nizoli, ajrashish yoqasida turgan oilalar vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda oilalarni mustahkamlash, oilada ma`naviy muhit barqarorligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri ekani ta`kidlandi.

– Oila, ona va bola davlatimiz himoyasida ekanini hech birimiz unutmasligimiz lozim, – deydi O`zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo`mitasi raisi o`rinbosari G.Ma`rupova. – Shu ma`noda, oila manfaatlarini himoya qilish, oilalarni qiynayotgan muammo va nizolarni bartaraf etish, ayniqsa, ajrimlarning oldini olish masalasiga alohida e`tibor qaratilayotgani bejiz emas. Ushbu tadbirni o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad ham ana shu yo`nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.

Ishtirokchilarga oilada yuzaga kelayotgan nizolar, farzand tarbiyasida uchrayotgan kamchiliklar, qaynona-kelin munosabatlaridagi muammolar oilani parokandalikka olib kelishi mumkinligi, bunday holatlarning og`ir oqibatlari aks etgan videofilm namoyish etildi.

Tadbir doirasida tegishli davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari tomonidan sayyor qabul tashkil etildi. Turli nizolar tufayli parokanda bo`lib turgan oilalar vakillari bilan suhbatlarda inson sabrli bo`lishi, ayniqsa, oila mustahkamligini ta`minlashda turli qiyinchiliklarni engib o`tish lozimligi hayotiy misollar bilan tushuntirildi. Suhbatlar davomida ko`plab kelin-kuyovlar, qaynonalar o`z xatosini anglab, bundan buyon inoq yashashga kelishib oldilar.

Sayyor qabul davomida nizoli va ajrashish arafasida turgan 40 ga yaqin oila vakillari bilan suhbat o`tkazilib, 24 oila yarashtirildi. Bir qator oilalarni qiynayotgan muammolar joyida hal etildi.

    Boshqa yangiliklar