AsosiySiyosat

Uchrashuvlar yakunlari bo`yicha tashqi ishlar vazirlarining Qo`shma bayonoti qabul qilindi

'Uchrashuvlar yakunlari bo`yicha tashqi ishlar vazirlarining Qo`shma bayonoti qabul qilindi'ning rasmi

Samarqandda o`tkazilgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afg`oniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi yakunlari bo`yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etildi.

O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi siyosat idoralari rahbarlari hamda Afg`oniston tashqi ishlar vaziri ishtirokidagi yalpi majlislar muvaffaqiyatli o`tganini ta`kidladi. Mintaqa davlatlari hamda Hindiston va Afg`onistonning o`tmishi, kelajagi ham mushtarakligi e`tiborga olinsa, “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotiga Afg`onistonning qo`shilishi va bu uchrashuv Samarqandda o`tishi tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuv hamraisi, Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj mazkur tadbir muloqot ishtirokchisi bo`lgan davlatlar hamda Afg`oniston o`rtasidagi munosabatlarda yangi davr boshlanayotganini namoyon etganini ta`kidladi.

123f6c3f-f194-42c8-ab29-c1b573e514e3.jpg

Hindiston, Afg`oniston va Markaziy Osiyo davlatlari tarixan bir-biriga yaqin va qardoshlik aloqalari bilan bilan bog`langan. “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti bu tarixiy mushtaraklik bugun ham izchil davom etishi kerakligini ko`rsatmoqda. Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi keyingi yillarda barcha Markaziy Osiyo davlatlarida bo`lib, hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishdi.

Bu tashriflar Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni keng ko`lamda davom ettirish imkoniyatlari mavjudligini tasdiqladi. Mazkur yo`nalishdagi hamkorlikda Afg`oniston muhim o`rin tutadi. Shu jihatdan, ushbu davlatda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, iqtisodiyotni tiklashdan Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari birdek manfaatdor. Shu maqsadda muloqot ishtirokchi davlatlari o`rtasida Biznes kengash tuzish taklifi ilgari surildi.

a6f7e711-2ee1-451f-a03e-8373ba1a49b7.jpg

Uchrashuvlar yakunlari bo`yicha tashqi ishlar vazirlarining Qo`shma bayonoti qabul qilingani qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar