2019 yilning 12 yanvar kuni Samarqand shahrida O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg`oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan uchrashdi. Salohiddin Rabboniy «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqoting birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etish uchun nufuzli delegasiyasi boshchiligida mamlakatga kelgan.
TIV xabariga ko`ra, suhbat chog`ida hamkorlikning barcha yo`nalishlarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi ijobiy o`zgarish yuqori baholandi. Ta`kidlanganidek, ko`p qirrali O`zbekiston-Afg`oniston muloqoti ikki mamlakat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasiga asoslangan.
Afg`oniston TIV rahbari Afg`oniston hukumatining mamlakatda tinchlik o`rnatish borasidagi sa`y-harakatlarini izchil qo`llab-quvvatlash, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va kadrlar tayyorlashdagi yordam uchun O`zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.
Vazirlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investision, transport-kommunikasiya, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda mamlakatlar o`rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanligini tasdiqladilar.
Muzokaralarda o`zi ishini boshlayotgan «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqotining vazirlar uchrashuvi kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. Ushbu shakldagi uchrashuvga Afg`oniston delegasiyasi taklif etilgan.
Ta`kidlanishicha, Afg`onistonning mintaqadagi iqtisodiy, transport va boshqa infratuzilma loyihalariga jalb etilishi afg`on xalqiga ko`p yillik qurolli mojarolarga tinch muqobil yo`l mavjudligini his etish imkonini beradi.
Uchrashuvda vazirlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalarni ham ko`rib chiqdilar.
Suhbatda Afg`oniston elchisi Sayid Shahobuddin Timuriy ishtirok etdi.






